“Pushti oktabr”: ko‘krak bezi saratoni – ayollar orasida eng ko‘p uchraydigan onkologik kasallik
Yurtimizda ko‘krak bezi saratoni profilaktikasiga bag‘ishlangan oylik boshlandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi xotin-qizlarni aksiyada faol ishtirok etishga chorlamoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyoda 2,4 millionga yaqin ayolga ko‘krak bezi saratoni tashxisi qo‘yilmoqda. O‘sish sur’ati saqlanib qolsa, 2050-yilga borib, bu ko‘rsatkich 38 foizga, o‘lim darajasi esa 68 foizga oshishi mumkin.
1993-yildan buyon butun dunyoda o‘tkazib kelinayotgan “Pushti oktabr” oyligi ko‘krak bezi saratoni, uning profilaktikasi va kasallikni erta aniqlash imkoniyati haqida aholi xabardorligini oshirish hamda undan davolanayotgan ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
O‘zbekistonda ham ko‘krak bezi saratoni ayollar orasida eng ko‘p uchraydigan onkologik kasallik hisoblanadi. Shu bois so‘nggi yillarda mamlakatimizda ushbu xastalikni erta aniqlash va davolash samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim choralar ko‘rilmoqda.
Xususan, Prezidentimizning tegishli qarori bilan 2025-2030-yillarda Bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini nazorat qilish dasturi tasdiqlangan. Hujjatda ayollarni profilaktik tibbiy ko‘rik bilan qamrab olish, mammografiya tekshiruvlarini rivojlantirish hamda skrining natijasida aniqlangan onkologik kasalliklarni tashxislash va davolash imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan.
Bundan tashqari, yurtimizda har yili 1,5 million nafarga yaqin 45-65 yoshdagi ayollarni mammografik tekshiruvlar bilan qamrab olish choralari ko‘rilyapti. Shuningdek, tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida onkonazorat xonalari tashkil etildi. Mobil va statsionar mammograflar ishi ikki smenada yo‘lga qo‘yildi.
Bu yilgi “Pushti oktabr” aksiyasi doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda qator loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Jumladan, keng jamoatchilik ishtirokida yugurish marafoni, bemorlar va ularning yaqinlari uchun ommaviy yoga mashg‘ulotlari, malakali mutaxassislar ishtirokida bepul konsultatsiya va tekshiruvlar o‘tkaziladi.
Shuningdek, Toshkent shahri, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda respublikamizning boshqa hududlarida tibbiyot xodimlari uchun ko‘krak bezi saratoni profilaktikasi, bemorlar bilan muloqot qilish qoidalari va ularni zarur tekshiruvlarga yo‘naltirish yuzasidan mahorat darslari tashkil etiladi.
14-oktabr kuni esa soha mutaxassislari, hamkor tashkilotlar vakillari va xalqaro ekspertlar ishtirokida anjuman bo‘lib o‘tadi.
Sana munosabati bilan soglomoktabr.cancercenter.uz sayti ishga tushirilib, u orqali yurtdoshlarimiz o‘zbek, rus va ingliz tillarida kasallik belgilari, diagnostika imkoniyatlari haqida ma’lumot va zarur tavsiyalar olishi hamda shifokor qabuliga yozilishi mumkin.
Mohigul Qosimova, O‘zA