100 nafar yosh onkolog-jarrohning Fransiya klinikalarida malaka oshirishi rejalashtirilgan
Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘lib, bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar hamda bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati bilan tanishdi.
Shundan so‘ng vazir ishtirokida markaz Kuzatuv kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Dastlab muassasa tomonidan 2026-yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, bugun ushbu markaz Fransiyaning nufuzli “Gustave Roussy” instituti bilan hamkorlikda “Gustave Roussy International Uzbekistan” brendi va xalqaro boshqaruv asosida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Hamkorlik doirasida tibbiyot muassasasini boshqarishning zamonaviy standartlari va sifat nazorati tizimi joriy qilinmoqda. Qolaversa, 2030-yilga qadar 100 nafar yosh onkolog-jarrohning Fransiya klinikalarida malaka oshirishi rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan yo‘llanma asosida yuborilgan bemorlarning davolanish xarajatlarini qoplash, sohani raqamlashtirish, xotin-qizlar onkologik kasalliklarini nazorat qilishni takomillashtirish hamda radiologiya yo‘nalishida kadrlar tayyorlash kabi qator dolzarb masalalar tahlil qilindi.
Shuningdek, “Gustave Roussy” instituti talablari asosida bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishning yagona tartibini joriy etish, muassasa laboratoriyasini markazlashtirilgan referens laboratoriyaga aylantirish va shifoxona negizida Milliy referens patomorfologiya markazini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muloqot davomida Milliy onkologik dori vositalaridan foydalanish va nazorat qilish komissiyasini tashkil etish bo‘yicha takliflar o‘rganildi.
Yig‘ilish yakunida markaz faoliyati samaradorligini yanada oshirish, zamonaviy diagnostika va davolash usullarini keng joriy etish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan onkologik tibbiy yordam sifatini yaxshilash bilan bog‘liq ustuvor vazifalar belgilab olindi.
M.Qosimova, O‘zA