Poytaxtda NNTlar uchun zamonaviy kovorking ish boshladi
Poytaxtimiz markazida joylashgan “Nodavlat notijorat tashkilotlari uyi”da O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda NNTlarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan zamonaviy kovorking markazining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.
Mazkur tadbir fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Zamonaviy konsepsiya asosida tashkil etilgan mazkur markaz nafaqat Toshkent shahri, balki hududlardagi NNT vakillari uchun ham muloqot va hamkorlik maydoni vazifasini bajaradi.
Tadbir doirasida o‘tkazilgan ochiq muloqotda ishtirokchilar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Ular bugungi kunda faqat moliyaviy ko‘mak emas, balki intellektual salohiyatni oshirish va metodik yordamga ehtiyoj ortib borayotganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan kovorking markazi qoshida doimiy ekspertlar guruhi faoliyat yuritishi, ular tomonidan yangi va kichik NNTlarga xalqaro donorlar bilan ishlash bo‘yicha bepul maslahatlar berilishi rejalashtirilgan.
Muloqot davomida grant mablag‘larini ajratishda shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, hududiy NNTlarning texnik imkoniyatlarini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
[gallery-28970]
Tadbir yakunida O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining yangilangan veb-sayti hamda a’zolar uchun ishlab chiqilayotgan mobil ilovalar taqdimoti o‘tkazildi.
N.Rahmonova, N.Haydarov(surat), O‘zA