G‘ozg‘on – yangi taraqqiyot sari odimlayotgan shahar
Navoiy viloyatidagi G‘ozg‘on shahri Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan eng kenja hududlardan biri sanaladi. Bu hududga shahar maqomi berilganiga va tuzilmalarning faoliyati yo‘lga qo‘yilganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q.
Navoiy viloyati hokimligi tomonidan G‘ozg‘on shahrida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi bilan yaqindan tanishish maqsadida press-tur tashkil etildi.
Viloyatda faoliyat olib borayotgan jurnalistlar, matbuot kotiblari hamda blogerlar ishtirok etgan tadbir G‘ozg‘on shahriga kirish qismida joylashgan Mustaqillik monumenti stellasi oldidan boshlandi. Dastlab shahar hokimi Nurali Jo‘rayev ishtirokchilarga hozirgi kunda shaharda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, investitsiya jalb etish va yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida gapirib berdi.
Mustaqillik monumenti stellasi “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2025-yil 1-mavsumi doirasida barpo etilgan bo‘lib, qurilish ishlari “Hazora Non Savdo” MCHJ tomonidan amalga oshirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 1 milliard 460 million so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, stella atrofi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida obodonlashtirilib, hududga 300 donadan ziyod ko‘chat ekilgan.
– Shahrimiz 2019-yil 3-mayda tashkil etilgan, – deydi Nurali Jo‘rayev. – O‘tgan davr mobaynida hududda bir qator ijtimoiy soha ob’ektlari va sanoat korxonalari ishga tushirilib, yangi ish o‘rinlari yaratildi. Hozirda esa G‘ozg‘on tom ma’noda qurilish va bunyodkorlik maydoniga aylangan, desak mubolag‘a emas. Bu yerda ijtimoiy soha va boshqaruv ob’ektlari qurilishi jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Bundan besh yil oldin 60 taga yaqin tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat olib borgan bo‘lsa, hozirda ularning soni qariyb 240 taga yetdi. Shaharda hududiy investitsiyalar dasturiga asosan 2026-yilda qiymati 110 million dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, xorijiy investitsiyalar 100 million dollarni tashkil etadi. Bu 6 ta korxona tomonidan amalga oshiriladi.
Press-tur ishtirokchilari “MARMAROBOD” MCHJ faoliyati bilan tanishib, granit toshlarni qazib olish va chuqur qayta ishlash jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.
Korxona 6 gektar maydonda barpo etilgan bo‘lib, u zamonaviy sanoat majmuasi sifatida shakllangan. Bu yerda ishlab chiqarish sexlari bilan bir qatorda shourum, servis markazi, bank xizmati uchun infratuzilma, ofis va xizmat ko‘rsatish binolari ham mavjud. Xom ashyo ta’minoti esa 4 ta granit koni orqali ta’minlanadi.
– Loyiha O‘zbekiston Respublikasi TIF Milliy banki hamda “O‘zqurilishmateriallari” uyushmasi tizimidagi investitsiya kompaniyalari – “NBU GAZGAN INVEST” va “UZBUILDINVEST” hamkorligida amalga oshirilgan, – deydi korxona rahbari Zavqiddin Ummatov. – Uning umumiy qiymati 20 million dollar bo‘lib, to‘liq bank investitsiya va kredit mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan. Ishlab chiqarish jarayonida Xitoy, Turkiya va Rossiyadan keltirilgan zamonaviy texnologiyalardan foydalanilmoqda. Bugungi kunda korxonada 24 turdagi granit mahsulotlari tayyorlanib, qurilish sohasi uchun keng assortiment taklif etilmoqda. Ishlab chiqarish hajmining 30 foizi ichki bozorga, 70 foizi esa xorij bozorlariga yo‘naltirilgan. 2022-yil noyabr oyida ishga tushgan korxonada hozirga qadar 156 ta ish o‘rni yaratilgan.
“Gazgan Stone Invest” MCHJ korxonasi ham yil sayin rivojlanib borayotgan sanoat korxonalaridan biridir. Bu yerda ham marmar va granit plitalari tayyorlanadi.
– Korxona “Marmarobod” MFYda joylashgan bo‘lib, umumiy maydoni 11 gektarni tashkil etadi. Shundan 6 gektar yer maydonida ishlab chiqarish va ma’muriy binolar barpo etilgan, – deydi hokim o‘rinbosari O‘tkir Bo‘ronov. – Loyiha O‘zbekiston Respublikasi TIF Milliy banki hamda Avstriyaning “PARSALPINE MANAGEMENT GMBH” kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilgan. Umumiy qiymati 6,5 million AQSH dollari bo‘lgan mazkur loyiha Italiyadan keltirilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Ayni paytda korxonada 35 nafar mahalliy aholi vakillari mehnat qilmoqda.
[gallery-28981]
Albatta, bu kabi sanoat korxonalarini xom ashyo bilan ta’minlashda sanoat va chiqindi hududida joylashgan karerlarning alohida o‘rni bor.
Bugungi kunda hududda 52 ta karer mavjud bo‘lib, 5-6 ta hudud bitta karerga bo‘lingan. Olib borilgan o‘rganishlar davomida bu yerda 6,5 million metr kub marmar zaxirasi aniqlangan. Umumiy zaxira esa 510 million metr kubni tashkil etishi prognoz qilingan. Karerlarda 32 xil rangdagi marmar toshlari mavjud.
Press-tur ishtirokchilari shaharda turizmni rivojlantirish va bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA