Poytaxtda metro eng faol transport vositalaridan biriga aylangan
Metropoliten zamonaviy shahar hayotining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Ayniqsa, yirik shaharlarda aholi soni va transport harakati oshib borayotgan bir paytda metro tezkor, xavfsiz va qulay jamoat transporti sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda metro infratuzilmasini kengaytirish, yangi bekatlarni ishga tushirish va aholiga yanada qulay sharoit yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-mart oylarida metropoliten orqali jami 76,6 mln. nafar yo‘lovchi tashilgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 9,1 foizga oshgan.

Mutaxassislarning fikricha, metro xizmatlariga bo‘lgan talabning ortishi shaharlarda jamoat transporti infratuzilmasi rivojlanayotgani, yangi yo‘nalishlar ishga tushirilayotgani hamda aholi uchun qulay va tezkor transport tizimi shakllanayotganini ko‘rsatadi.
Xususan, poytaxtda metro tarmoqlarining kengayishi kunlik qatnovni yengillashtirib, tirbandliklarni kamaytirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA