Poytaxtda “Aqlli maktab” tizimi joriy etilmoqda
Toshkent shahar hokimligi tomonidan 2026–2027-o‘quv yilida “Sergeli tajribasi” doirasida “Aqlli maktab” tizimini joriy etishning 1-bosqichi tajriba-sinov tariqasida amalga oshirilmoqda.
Xususan, Sergeli tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9–11-sinf xonalaridan jami 345 tasining 177 tasiga zamonaviy aqlli kameralar o‘rnatildi.
Loyiha doirasida o‘quvchilar davomatini avtomatik aniqlash, maktab xavfsizligini kuchaytirish, begona shaxslarni aniqlash hamda o‘quvchilarning darsdagi faolligini tahlil qilish imkoniyatlari yaratilmoqda.

O‘rnatilgan kameralar maxsus dasturiy ta’minot orqali Sergeli tuman hokimligida tashkil etilgan Vaziyatlar markaziga integratsiya qilinmoqda.
Belgilangan rejaga muvofiq, qolgan sinf xonalariga kameralarni o‘rnatish va ularni Vaziyatlar markaziga integratsiya qilish ishlari 2026-yil 25-avgustga qadar yakunlanadi.

“Sergeli tajribasi” doirasida shakllantirilayotgan mazkur tizimni kelgusida Toshkent shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablariga bosqichma-bosqich joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
G.Boboyeva,
O‘zA