Mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash borasidagi jarayonlar o‘rganildi
O‘tayotgan haftada Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi tomonidan Samarqand viloyatida davlatimiz rahbarining shu yil 5-yanvarda qabul qilingan «Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
Xususan, shtab ishchi guruhi tomonidan Samarqand tumanidagi So‘lim mahallasida yettilik vakillari bilan muloqotda hududdagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish, ayniqsa, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan individual ishlash samaradorligini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Muloqot davomida “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash” komissiyasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar alohida e’tirof etildi. Shuningdek, mas’ullarga profilaktika ishlarini tizimli tashkil etish, huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslarni aniqlash va ular bilan manzilli ishlash mexanizmlarini takomillashtirish, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, ishchi guruhi tomonidan Narpay, Pastdarg‘om va Samarqand tumanlaridagi shtablar faoliyati o‘rganildi. O‘rganishlar davomida ijtimoiy profilaktika sohasidagi muammolar, mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish hamda manzilli ishlash tizimini samarali joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.

O‘rganishlar davomida kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari A.Muratov tomonidan mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarning huquqbuzarlik va jinoyat sodir etilishi oldini olish maqsadida mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblariga xalqaro standartlar asosida o‘qitish, kasbiy malakasini xalqaro standartlar asosida baholash hamda Yevropa davlatlarida qonuniy va yuqori daromadli ish o‘rinlariga joylashtirishga qaratilgan “Xorijda ish” nomli taqdimoti bilan ham tanishildi.
Samarqand shahridagi 3 yildan buyon “qizil” toifada bo‘lgan, hozirda “sariq” toifaga o‘tgan Bog‘isaroy mahallasida Kriminologiya tadqiqot instituti mas’ullari tomonidan olib borilayotgan ishlar o‘rganildi. Mahallada yoshlar, xotin-qizlar, muqaddam sudlanganlar va ishsizlar o‘rtasida jinoyatlarning oldini olish maqsadida ularning bandligini ta’minlash, ijtimoiy muammolarini bartaraf etishga qaratilgan ishlar sarhisob qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilandi. “Mahalla yettiligi” a’zolariga huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha vazifalarni mas’uliyat bilan bajarish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi ishchi guruhi tomonidan Samarqand davlat texnika universitetida “Yoshlar jinoyatchiligining barvaqt oldini olishning kriminologik jihatlari” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Tadbirda universitet mas’ullari hamda profilaktika inspektorlari tomonidan ta’lim muassasasida jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika tadbirlarini samarali tashkil etish, universitet hududida joriy etilgan videokuzatuv tizimlari va Face ID kameralari faoliyati, talabalar turar joylari hamda ijarada istiqomat qilayotgan talabalar bilan olib borilayotgan profilaktika tadbirlari muhokama qilindi. “Qalqon” jamoatchilik guruhi, tyutorlar, profilaktika inspektorlari, psixologlar va tarbiyachi-pedagoglarning o‘zaro hamkorligini yanada samarali tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, ishchi guruh viloyatda ruhiy va narkologik kasalliklar bilan ro‘yxatda turuvchi bemorlarning yaqin qarindoshlari bilan muloqot o‘tkazilib, bemorlar tomonidan salbiy holatlar kelib chiqishining oldini olish va davolash jarayonlari bo‘yicha mutaxassislar tomonidan ma’lumot va tushuntirishlar berildi.
O‘rganishlar yakunlari bo‘yicha viloyat prokuraturasida Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi rahbari — Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev raisligida yig‘ilish o‘tkazildi.
Kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat hokimi, Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi va ishchi guruhi a’zolari, vazirlik va idoralar mas’ul rahbarlari, ularning hududiy tuzilmalari boshliqlari, shuningdek, viloyat, tuman va shaharlar ishchi guruhlari a’zolari hamda hokimlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, videokuzatuv tizimlarini “Xavfsiz shahar” markaziga integratsiya qilish, oilaviy nizolarni mediatsiya orqali hal etish, shuningdek, yoshlar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar farzandlari bilan ishlash kabi masalalar muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va belgilangan vazifalarning samarali ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilanib, tegishli qaror qabul qilindi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri