Polina “Roland Garros”da yana g‘alaba qozondi
Fransiyaning Parij shahrida tennis bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi “Roland Garros” turnirida saralash bahslarining yarim final bahslari o‘tkazildi. Unda mamlakatimiz sharafini Mariya Timofeyeva va Polina Kudermetova himoya qildi.
Asosiy to‘rga chiqish uchun o‘tadigan mazkur bosqichda Polina yarim finalda bolgariyalik Viktoriya Tomovani 7:6, 6:7, 6:3 hisobida taslim etgan bo‘lsa, Mariya argentinalik tennischi Mariya Lurdes Karlega 6:2, 0:6, 6:4 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Shu tariqa, ular saralashning finaliga yo‘l olgan P.Kudermetova xitoylik Van Siyuy bilan raqobatlashadi. Bahs ertaga 21-may kuni bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot uchun, “Roland Garros” turnirining ayollar o‘rtasidagi mukofot puli 29 million 137 ming 500 AQSH dollarini tashkil etadi. Darvoqe, musobaqada mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Kamilla Rahimova asosiy to‘rning ilk davrasida ishtirok etadigan bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA