Pokiza Ahmadbekova va Marjona Pardaboyeva — jahon chempionlari
AQSHning Alabama shtati Xantsvill shahrida para velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha o‘tayotgan jahon chempionati O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli boshlandi.
Musobaqaning dastlabki kunidayoq vakillarimiz ikki bor shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. H1 klassida ishtirok etgan Pokiza Ahmadbekova belgilangan masofani raqiblaridan oldinroq bosib o‘tib, jahon chempionligi unvonini qo‘lga kiritdi. Uning g‘alabasi O‘zbekiston delegatsiyasi uchun chempionatdagi dastlabki oltin medalni taqdim etdi.
Ko‘p o‘tmay, T1 klassida start olgan Marjona Pardaboyeva ham munosib natija qayd etib, marra chizig‘ini birinchi bo‘lib kesib o‘tdi. Shu tariqa, u ham jahon chempioni unvoniga sazovor bo‘ldi.
Bir kunning o‘zida ikki sportchimiz jahon chempionligi shohsupasiga ko‘tarildi. Pokiza Ahmadbekova va Marjona Pardaboyevaning bu natijasi O‘zbekiston para velosporti tarixidagi navbatdagi muhim yutuq sifatida qayd etildi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA