Stol tennisi: Osiyo chempionatida jamoaviy bahslar g‘oliblari aniqlandi
Toshkent mezbonlik qilayotgan stol tennisi bo‘yicha 2026-yilgi Osiyo chempionatida erkaklar va ayollar o‘rtasidagi jamoaviy bahslar o‘z yakuniga yetdi.
Chempionatning ayollar o‘rtasidagi jamoaviy bahslar finalida Yaponiya va Xitoy terma jamoalari o‘zaro raqobatlashdi. Keskin va murosasiz kechgan uchrashuvda kunchiqar yurt sportchilari so‘nggi ochkolarga qadar kurash olib borib, muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi va chempion degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi. Xitoy terma jamoasi kumush medal bilan kifoyalandi. Janubiy Koreya va Xitoy Taypeyi jamoalari esa bronza medallariga ega chiqdi.
Erkaklar o‘rtasidagi jamoaviy bahslar finalida Xitoy terma jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritdi. Janubiy Koreya vakillari kumush medalga sazovor bo‘ldi. Yaponiya va Xitoy Taypeyi jamoalari esa bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Qit’a chempionatida shohsupaga ko‘tarilgan terma jamoalarni tantanali taqdirlash marosimida Osiyo stol tennisi ittifoqi prezidenti Xalil Al-Muhannadiy, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yu Jun, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon hamda O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi ijrochi direktori Hasanjon Karimov ishtirok etdi.



Javohir Toshxo‘jayev,
Alimurod Mamadaminov (surat),
O‘zA