Pekinda Xitoy va Rossiya yetakchilari nimalarni muhokama qildi?
Pekin shahridagi Xalq yig‘inlari saroyida XXR rahbari Si Szinpin va RF prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida oliy darajadagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu muloqotda tomonlar o‘zaro strategik sheriklikni yanada mustahkamlash hamda global xavfsizlik masalalarini diqqat markaziga qo‘yishdi.
Davlat rahbarlari o‘z chiqishlarida dunyo siyosati “beboshlik va qonunsizlik” davriga qaytish xavfi borligidan ogohlantirib, g‘arb davlatlarining boshqa mamlakatlarga o‘z irodasini majburlab o‘tkazishga bo‘lgan urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchraganini ta’kidladilar. Shuningdek, Si Szinpin xalqaro maydondagi murakkab vaziyatlarga, xususan, AQSH-Isroil va Eron o‘rtasidagi ziddiyatga to‘xtalib, harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish va muzokaralar stoliga qaytish o‘ta muhimligini qayd etdi.
Siyosiy bayonotlardan tashqari, muzokaralarning eng asosiy va amaliy qismi energetika sohasidagi hamkorlikka qaratildi. G‘arb sanksiyalari tufayli Yevropa bozoridan uzilgan Rossiya uchun Xitoy hozirda neft va gaz sotish bo‘yicha eng asosiy strategik xaridorga aylangan.
Garchi muloqot doirasida iqtisodiyot, turizm va ta’lim sohalarini qamrab oluvchi 40 ga yaqin kelishuvlar ko‘rib chiqilgan bo‘lsa-da, Moskva uchun eng ustuvor vazifa yo‘qotilgan energetika daromadlarining o‘rnini qoplash bo‘lib qolmoqda. Biroq ko‘pdan beri kutilayotgan va Rossiya gazi eksportini keskin oshirishi ko‘zda tutilgan “Power of Siberia” gaz quvuri loyihasi bo‘yicha yakuniy to‘xtamga kelinmadi.
Kreml rasmiylarining bildirishicha, tomonlar quvurning o‘tish yo‘nalishi borasida umumiy kelishuvga erishgan bo‘lsalar-da, qurilish ishlarining aniq muddatlari va rejalari hozircha ochiq qolmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA