AQSH Senati Eron urushiga qarshi chiqdi (+video)
AQSH senatorlari prezident Donald TrampniEronga qarshi harbiy harakatlarni to‘xtatish yoki Kongressdan rasmiy ruxsat olishga majbur qiladigan rezolyutsiyani ko‘rib chiqishni ma’qulladi, deb xabar berdi DW nashri.
Bu hujjatni qabul qilishga bo‘lgan avvalgi yetti urinish muvaffaqiyatsiz tugagan edi.
Va nihoyat, 19-may kuni AQSH Senati mazkur rezolyutsiyani to‘liq tarkibda muhokama qilishni qo‘llab-quvvatladi. Agar hujjat qabul qilinsa, Tramp Eronga qarshi har qanday keyingi harbiy harakatni Kongress roziligisiz amalga oshira olmaydi.
CNN ma’lumotiga ko‘ra, ovoz berishda 50 senator rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlagan, 47 nafar senator qarshi chiqqan. Uch nafar respublikachi senator saylov kampaniyasi sababli ovoz berishda qatnashmagan. Shuning uchun hujjatning to‘liq Senat tomonidan qabul qilinishi hozircha qiyin deb baholanmoqda.
Joriy yil boshidan beri respublikachilar ushbu rezolyutsiyani Senatda yetti marta to‘sib qo‘ygan. Hujjat birinchi marta mart oyida — AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy operatsiyasi boshlanganidan keyin ovozga qo‘yilgan edi. Shuningdek, rezolyutsiya AQSH Vakillar palatasida ham uch marta bloklangan.
Rezolyutsiya tashabbuskori, demokrat senator Tim Keynning aytishicha, AQSH va Eron o‘rtasidagi sulh davrida Tramp o‘z pozitsiyasini Kongressga tushuntirishi kerak.
Uning so‘zlariga ko‘ra: “Hozir urushni yana boshlashdan oldin muhokama qilish uchun eng qulay payt. Prezident Erondan kelayotgan tinchlik va diplomatik takliflarni biz bilan bo‘lishmasdan rad etmoqda”.
1973-yilda qabul qilingan “Harbiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonun”ga ko‘ra, AQSH prezidenti Kongress ruxsatisiz faqat 60 kun davomida harbiy harakat olib borishi mumkin. Bu muddat tugagach, prezident yo urushni to‘xtatishi yoki Kongressdan rasmiy ruxsat olishi shart.
2026-yil 1-may kuni 60 kunlik muddat tugagach, Tramp Kongressga Eron bilan urush yakunlangani haqida xabar bergan. Ammo, Reuters ma’lumotiga ko‘ra, AQSH hali ham Eron portlarini blokada qilib, Eron kemalariga zarbalar bermoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/i429p4587iA" title="AQSh Senati Eron urushiga qarshi chiqdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA