Pedagogika talabalari bilimlari tashqi diagnostikadan o‘tkaziladi
Pedagogika yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash sifatini yanada oshirish maqsadida talabalarning bilimlarini tashqi diagnostikadan o‘tkazish tartibi joriy etildi. Bu bo‘yicha yangi nizom Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Mazkur tartibga ko‘ra, har o‘quv yilida bir marta pedagogika yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 3-bosqich talabalarining bilimlari test sinovlari orqali baholanadi. Tashqi diagnostika ta’lim sifati va pedagog kadrlar tayyorlash darajasini tahlil qilishga xizmat qiladi.
Test sinovlari 50 ta savoldan iborat bo‘lib, ularni bajarish uchun 45 daqiqa vaqt ajratiladi. Har bir to‘g‘ri javob 2 ball bilan baholanadi va eng yuqori natija 100 ballni tashkil etadi.
Tashqi diagnostika jarayonini tashkil etish uchun har yili sentabr oyida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘i bilan kamida 5 nafar malakali mutaxassisdan iborat ishchi guruh shakllantiriladi.
Diagnostika natijalariga ko‘ra, o‘rtacha 56 ball va undan yuqori natija qayd etgan ta’lim yo‘nalishlari "talablarga javob beradigan", 56 balldan past natija ko‘rsatganlari esa “talablarga javob bermaydigan” deb baholanadi.
Muhimi, tashqi diagnostika natijalari talabalarning joriy o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yoki reyting ballariga ta’sir qilmaydi. Uning asosiy maqsadi pedagog kadrlar tayyorlash sifati holatini baholash, muammolarni aniqlash va ta’lim jarayonini takomillashtirishdan iborat.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA