Pedagoglar sinovdan o‘tmoqda (+video)
Navoiy shahridagi “Kelajak” markazida maktabgacha, umumta’lim va maktabdan tashqari ta’lim muassasalar pedagoglari malaka (test) sinovlaridan o‘tmoqda.
Yurtimizda umumta’lim maktablarida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘qituvchilarning bilimlarini baholashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturulamal vazifasini o‘tamoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, sinovlar ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda mutaxassislik fanidan pedagoglarning bilimi, ikkinchi bosqichda ularning pedagogik mahorati baholanadi. Bunda pedagoglarga mutaxassislik fani bo‘yicha 35 ta hamda kasbiy standartlariga oid 5 ta test savoli, pedagogik mahoratini baholash uchun 10 ta savol-topshiriq beriladi.

– O‘n to‘rt yildan beri o‘quvchilarga ona tili va adabiyoti fanidan ta’lim-tarbiya berib kelaman, – deydi Navoiy shahridagi 8-maktab o‘qituvchisi Sohiba Alijonova. – Bugungi kunda oliy toifali, yetmish foiz ustamaga, milliy sertifikatdan A darajasiga egaman. Shu kunlarda respublikamiz bo‘ylab barcha hududlarda umumta’lim fan o‘qituvchilari uchun attestatsiya imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda. Men ham ushbu attestatsiya imtihonlarida qatnashib, Vazir jamg‘armasi ustamasiga da’vogarlik qilib keldim va 94 ballni egalladim. Imtihon savollari murakkab, nazariy jihatdan puxta, pishiq tuzilgan. O‘zim ham ushbu imtihondagi savollarni yechish davomida o‘ylab, mushohada qila oldim, murakkab savollarni yechishda anchagina vaqt sarfladim. Lekin shu bilan birga, o‘qiganim, tayyorlanganligim uchun savollar menga qiyinchilik tug‘dirmadi.

Har ikkala bosqich ham kompyuterda real vaqt rejimida (onlayn) o‘tkaziladi. Attestatsiya natijalariga doir elektron shakldagi sertifikatlar pedagoglarning shaxsiy kabinetlariga yuboriladi.
Joriy yilgi kuzgi attestatsiya jarayonlarida 9792 nafar pedagog ishtirok etishi rejalashtirilgan bo‘lib, 28-noyabrga qadar davom etadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri