Parrandachilik — qisqa muddatda yuqori samara beruvchi soha
So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholini sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada parrandachilik sohasi tobora muhim ahamiyat kasb etib, nafaqat ichki bozorni ta’minlash, balki yangi ish o‘rinlari yaratish va tadbirkorlikni rivojlantirishda ham katta imkoniyatlar ochmoqda.
Ayniqsa, broyler jo‘jalarni parvarish qilish orqali qisqa muddatda yuqori daromadga erishish mumkinligi ushbu yo‘nalishga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirmoqda.
Bugungi kunda parhezbop tovuq go‘shti aholi dasturxonining ajralmas qismiga aylangan. Uning nafaqat mazali, balki foydali ekani, shuningdek, tez tayyorlanishi va nisbatan arzonligi sababli bozorlarda doimiy talabga ega. Shu bois, broyler parvarishi tadbirkorlar uchun daromadli va barqaror biznes manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

Buxoro tumanining “Qavola Mahmud” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi yosh tadbirkorlar Mirzabek Murodov va Sohibjon Qilichev ana shunday imkoniyatdan unumli foydalanib kelmoqda. Ular broyler jo‘jalarni parvarish qilish orqali o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yib, bugungi kunda uni izchil ravishda kengaytirishga erishgan.
Hozirda tadbirkorlar 20 ming bosh broyler jo‘jani parvarish qilib, mahalliy bozorlarni sifatli go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlab kelmoqda. Ularning aytishicha, broylerchilikda eng muhim omil bu to‘g‘ri tashkil etilgan tovuqxona, sifatli ozuqa va doimiy nazoratdir.

–Hisob-kitoblarga ko‘ra, 5 ming bosh broyler jo‘jani bir oy davomida parvarish qilib, qariyb 20 million so‘m foyda olish mumkin, –deydi Mirzabek Murodov.–Eng muhimi, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish va zamonaviy yondashuvlarni joriy etishdir. Kelgusida jo‘jalar sonini yanada oshirishni rejalashtirganmiz.
Mirzabek Murodov va Sohibjon Qilichevning faoliyati nafaqat iqtisodiy jihatdan samarali, balki ijtimoiy ahamiyatga ham ega. Ular o‘z mehnati bilan hududda parrandachilikni rivojlantirishga hissa qo‘shib, boshqa yoshlar uchun ham ibrat namunasi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bu kabi tashabbuskor yoshlar qishloq xo‘jaligi sohasini yanada taraqqiy ettirish, aholi bandligini ta’minlash va ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan boyitishda muhim o‘rin tutadi.
Parrandachilik, xususan broyler yetishtirish bugungi kunda tez foyda keltiradigan va kam sarmoya bilan yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘lgan istiqbolli sohalardan biri hisoblanadi. To‘g‘ri rejalashtirish, mehnatsevarlik va zamonaviy yondashuvlar orqali qisqa muddatda yuqori natijalarga erishish mumkin.
Mirzabek Murodov va Sohibjon Qilichev kabi yosh tadbirkorlarning faoliyati esa buning yaqqol isbotidir. Ular nafaqat o‘z daromadini oshirmoqda, balki yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga ham munosib hissa qo‘shmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri