Parijdagi xalqaro minbarda o‘zbekistonlik pedagog
1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Ta’limda sun’iy intellektdan foydalanish ko‘lami kengayib borayotgan bugungi kunda mazkur texnologiyalarning o‘qituvchi faoliyatiga ta’siri, pedagogning o‘quv jarayonidagi o‘rni va inson omilining ahamiyati xalqaro ta’lim kun tartibidagi dolzarb masalalardan biriga aylandi.
Joriy yilning 8–11-sentabr kunlari Fransiyaning Parij shahrida «Sun’iy intellekt davrida ta’lim: Faktlar, muammolar, yangi ufqlar» mavzusida UNESCO Raqamli ta’lim haftaligi – 2026 tadbiri bo‘lib o‘tdi.
[gallery-31547]
Nufuzli anjumanda dunyoning turli mamlakatlaridan pedagoglar, ekspertlar va ta’lim sohasi vakillari ishtirok etdi. Unda sun’iy intellektning ta’limdagi imkoniyatlari, ushbu texnologiyalarni joriy etish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar, shuningdek, ulardan o‘quv jarayonida samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
E’tiborlisi, 15 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan mazkur tadbir tarixida ilk bor maktab o‘qituvchilari ta’lim vazirlari bilan bir qatorda panel sessiyalarida ishtirok etdi.
Ana shunday nufuzli xalqaro minbarda Termiz shahridagi Prezident maktabining ingliz tili fani o‘qituvchisi Durdona Boynazarova ham so‘zga chiqdi.
U o‘z nutqida sun’iy intellekt ta’lim jarayoniga tobora chuqur kirib kelayotgan sharoitda o‘qituvchining tajribasi va pedagogik yondashuvi alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Yangi texnologiyalar ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. Biroq bunda o‘quvchining mustaqil fikrlashi, ijodiy yondashuvi va ustoz-shogird munosabatlarini asrab-avaylash muhim ekani qayd etildi.
Durdona Boynazarovaning Parijdagi ishtiroki O‘zbekiston maktab pedagoglarining xalqaro ta’lim maydonidagi faol ishtirokining yana bir namunasi bo‘ldi. U anjuman doirasida nafaqat o‘z ta’lim muassasasi va mamlakatimizdagi tajriba, balki zamonaviy ta’lim oldida turgan umumiy masalalar yuzasidan ham pedagog nuqtai nazarini xalqaro auditoriyaga taqdim etdi.
Ayni paytda Durdona Boynazarova Termiz shahridagi Prezident maktabida faoliyat yuritmoqda. U respublika va xalqaro miqyosdagi qator tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Uning shogirdlari ham fan olimpiadalarining viloyat va respublika bosqichlarida munosib natijalarni qayd etib kelmoqda.
Parijdagi muloqotlar zamonaviy ta’limning yangi texnologik bosqichida ham pedagogning ovozi, tajribasi va kasbiy qarashlari muhim o‘rin tutishini yana bir bor namoyon etdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA