“O‘zsuvta’minot”AJ: AQSHda yangi hamkorlik istiqbollari belgilandi
Mamlakatimizda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, oqova suv tizimlarini modernizatsiya qilish va tarmoqqa zamonaviy texnologiyalarni joriy etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada xalqaro hamkorlikni kengaytirish, dunyoda ilg‘or tajribaga ega kompaniyalar bilan hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda AQSHga xizmat safari doirasida “O‘zsuvta’minot”AJ boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Ahmad Suvonqulov dunyoning yetakchi suv texnologiyalari kompaniyalaridan biri “Xylem” ijrochi vitse-prezidenti, strategiya va tashqi aloqalar bo‘yicha direktori Albert Cho bilan uchrashdi.
Muloqot davomida kompaniya mutaxassislari ichimlik va oqova suv tizimlari uchun ishlab chiqilgan zamonaviy texnologiyalar, raqamli yechimlar hamda jahonning turli mamlakatlarida amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan taqdimot o‘tkazdi. Ta’kidlanishicha, “Xylem” bugungi kunda dunyoning 150 dan ortiq mamlakatida suv xo‘jaligi sohasidagi loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda.
Uchrashuvda suv yo‘qotishlarini kamaytirish, suv ta’minoti va oqova suv ob’ektlarining energiya samaradorligini oshirish, shuningdek, ichimlik va oqova suvni tozalash jarayonlarini raqamlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, “Digital Twin” (“raqamli egizak”) texnologiyasi yordamida oqova suv tozalash inshootlari faoliyatini real vaqt rejimida tahlil qilish, texnologik jarayonlarni optimallashtirish hamda foydalanish xarajatlarini qisqartirish imkoniyatlari taqdim etildi. Shuningdek, suv sifatini uzluksiz nazorat qilish imkonini beruvchi intellektual sensorlar haqida ma’lumot berildi.
Ahmad Suvonqulov uchrashuvda O‘zbekistonda ichimlik suvi va oqova suv xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro moliya institutlari ishtirokida hayotga tatbiq etilayotgan sarmoya loyihalari xususida so‘z yuritdi.

Shu bilan birga, mamlakatimiz suv ta’minoti tizimi korxonalari “Xylem” tarkibiga kiruvchi “Flygt” brendi nasos uskunalaridan yigirma yildan ortiq vaqt davomida samarali foydalanib kelayotgani qayd etildi. Bu esa ikki tomon o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida “Xylem” kompaniyasi oqova suvlarni tozalash jarayonlarini “Digital Twin” texnologiyasi va zamonaviy monitoring tizimlari orqali takomillashtirish yuzasidan ekspert ko‘magini ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Tomonlar istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini birgalikda ishlab chiqish, shuningdek, pilot loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
Nilufar Bozorova, O‘zA