72 mingga yaqin abituriyent uchun sinovli palla
Bugundan respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani singari Samarqand viloyatida ham 2026-2027 o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test sinovlari boshlandi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi Samarqand viloyati bo‘limining ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil viloyatda 71848 nafar abituriyent imtihon topshiradi. Ular uchun agentlik viloyat bo‘limiga qarashli hamda oliy ta’lim muassasalarining katta sig‘imli oltita binosida zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Bu maskanlarda bir navbatda 4110 nafar abituriyent test sinovlari topshirishi mumkin. Barcha binolarda havo haroratini salqinlatish uchun konditsionerlar o‘rnatilgan, har bir abituriyent uchun 0,5 hajmdagi ichimlik suvi, sharikli ruchka ajratilgan.
Bugun birinchi navbatda – ertalab soat 8.00 dan 11.00 ga qadar yoshlar test sinovlarida qatnashgan bo‘lsa, ikkinchi navbat 15:00 dan 18:00 ga qadar davom etdi va 4000 mingdan ortiq yigit-qizlar jarayonda ishtirok etdi.
– Harbiy xizmatga borib, oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun imtiyoz beruvchi tavsiyanomani qo‘lga kiritgandim, – deydi Urgut tumanining Bahrin mahallasida yashovchi Dilshod Kamolov. – Kinologiya sohasiga qiziqaman. Kimyo va biologiya yo‘nalishida testlarga tayyorgarlik ko‘rdim. Bugun test sinovlarida qatnashib, bilimlarimni sinovdan o‘tkazdim. Nasib etsa, talabalar qatorida bo‘lib, qiziqqan sohamning yetuk mutaxassisi bo‘lib, yurtimizga xizmat qilaman.
[gallery-30409]
Test sinovlari jarayonlari to‘liq videokuzatuv ostida va onlayn translyatsiya qilish orqali o‘tkazilmoqda. Onlayn translyatsiya test2026.uz sayti orqali amalga oshirilmoqda. Ota-onalar va abituriyentlarning yaqinlari jarayonlarni katta monitorlar va internet orqali kuzatib borishlari mumkin. Shuningdek, test o‘tkazilayotgan binolar atrofida ham ota-onalar uchun zarur sharoit yaratilgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari