Ozod hayot saodati yoxud ko‘ngil tubidagi javohir
Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!
Dunyoda shunday bir buyuk so‘z borki, u inson yuragida ilohiy nur kabi doimo yolqinlanib porlaydi, tanga quvvat, ruhga rohat, umrga farog‘at bag‘ishlaydi. Bu Vatan so‘zidir. Ona bitta, Vatan bitta bo‘ladi, bu tushuncha hech qachon o‘zgarmaydi, hech qachon eskirmaydi. Non doim tabarruk bo‘lganidek, bu so‘zlar har qancha aytilsa ham xech qachon qiymati kamaymaydi.
Bugun Istiqlol o‘zining nurli va jozibali manzaralarini hayotimizning barcha jabhalarida namoyon etayotganligini ko‘ryapmiz. Bugun yurtdoshlarimiz dunyo qadar saodatni, ezgulikni bir-birlariga ravo ko‘rib yashamokdalar. Bugun O‘zbekiston bo‘ylab bir ulug‘vor, bir tabarruk so‘z faxr, g‘urur, shukronalik bilan tilga olinmoqda. Bu Mustaqillik kalimasidir.

Hurlik istab ne-ne jadidlar otildi, olis o‘lkalarda ayozda jon berdi... Ehxe... shu erk va ozodlik uchun aziz umrini fido etgan ozmi?! Nihoyat, adolat tiklandi, bobolar duosi ijobat bo‘ldi, Istiklol guli ochildi, eng ulug‘ orzu ushaldi. Mubolag‘asiz, O‘zbekiston dunyo xaritasida olmos gavharidek porlab turuvchi bo‘stondir.
Bayramni munosib qarshilash maqsadida Qashqa vohasining olis Dehqonobod hududida, ona qishlog‘im “Oqirtma”da bo‘ldim. Dehqonobod... Behishtdan uzilgan bir parcha, tog‘lar bilan yelkadosh, bulutga bo‘ylashgan, chavondozi dongdor, baxshisi nomdor buyuk ma’vo. Bu zaminda har faslning huzurbaxsh nafasi g‘unchadek ifor taratadi.

Subhi sodik lazzati, shu oniy lahzada ziyrak tortgan zarrin shu’la osmon-u falakni yorishtirib, dilni munavvar etadi. So‘ngra, oltin rang sochini patila-patila tarab – tovlanib, quyosh jamolini ko‘rsatadi.
Qir-adir ot uyumi dupuri, qo‘y-qo‘zi ma’rashi, qo‘ychibonning “qurey-qurey” sadosiga to‘ladi. Ana, o‘tovdan chalinayotgan do‘mbiraning yurakka yaqin sadosi quloqqa elas-elas eshitilyapti.
Ohanrabodek o‘ziga tortayotgan “Cho‘pon chertish”ni yaqinroqdan eshitish uchun o‘tov tomon yuraman.

– Assalomu alaykum! Keling, bo‘la, – deydi qabariq qo‘lini uzatib Nortoji cho‘pon.
Salom-alikdan keyin ichkari kiramiz. To‘rda Qodir baxshining zurriyodi Bahrom baxshi bo‘g‘iq ovozda “Alpomish”ni kuylayapti. Qishloqning boshqa oqinlari terma aytish uchun navbat kutib turibdi. Tinglovchilar ko‘zi jiqqa yosh.
Do‘mbira gumburlaydi. Beixtiyor ohangga mast bo‘lasiz. Ana Alpomish Qultoy chol qiyofasida Boysun-Qo‘ng‘irot elini oralayapti. Sahar-sahar uyg‘otgan, tol beshikka suyangan enajonini yo‘qlab turibdi.
“Qani, davomi nima bo‘lar ekan?” – deya, nafasingizni qaytarmay kutib qolasiz. Do‘mbira yana gumburlaydi.

…Begim o‘lsa – bekcham bor,
Jurtim egasiz bo‘lmaydi.
Norim o‘lsa – norcham bor,
Jukim jerda qolmaydi.
Alpomish qaytdi elga,
Dushman ko‘ngling kulmaydi…
Doston, termalarni eshitgach, qalbda ming sevinch bilan ozod hayot saodatini surayotgan qishloq cho‘poniga yuzlanaman. U bilan o‘zimcha suhbat qurganday bo‘laman.

– Yil barakali keldi, yaylovda o‘t mo‘l bo‘ldi, suruvdan to‘l zo‘r tushdi, – deydi xush kayfiyat bilan oqirtmalik Hasan Ro‘ziyev. – Xudoga shukur, o‘lkamizda har kuni bayram, osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch.
Ha, boriga shukur qilib yashayotgan tanti el odamlarining qalbi ham o‘zi kabi beg‘ubor, sodda. Binobarin, ko‘nglida Vatanga muhabbat hissi sobit inson borki o‘z makoni, Ona-tuprog‘ini ulug‘laydi. Qalbdagi shu iliq tuyg‘u mudom namoyon bo‘laveradi. Illo, taraqqiyot sari ildamlayotgan yurtimning buguni go‘zal, ertasi ham obod bo‘lgay. Jannatmonand Mustaqil O‘zbekistonimizga aslo ko‘z tegmasin!
O‘tkir ALIMOV,
O‘zA