Davlatobodda yangi qandolatchilik korxonasi ishga tushirildi
FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi «Yoshlar» kichik sanoat zonasida zamonaviy qandolatchilik korxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Korxonaning ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, nuroniylar, tadbirkorlar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
«Sora Cake And Bakery» brendi tomonidan amalga oshirilgan loyihaning umumiy qiymati 10 milliard so‘mni tashkil etadi. Korxonada Xitoy, Turkiya va Italiyadan keltirilgan zamonaviy texnologik uskunalar asosida 30 dan ortiq turdagi qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 2 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlash imkonini beradi.
[gallery-31192]
Kelgusida mahsulotlarni tashqi bozorlarga yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish, eksport hajmini qariyb 1 million AQSH dollariga yetkazish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.
Ta’kidlanganidek, bunday investitsiya loyihalari hududda yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va ishlab chiqarish hajmini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbir doirasida korxona faoliyati bilan yaqindan tanishilib, tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazildi hamda ishlab chiqarish quvvatlarini yanada kengaytirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA