“O‘zmilliybank”: bitiruvchilar bandligini ta’minlash e’tiborda
Namangan shahridagi “TURAN” xalqaro universitetida “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan viloyatdagi oliy ta’lim muassalarining bitiruvchilari uchun mo‘ljallangan “Talaba EXPO-2026” kasb ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Viloyat hokimligi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan mazkur tadbirda Namangan viloyatidagi 150ga yaqin yirik ishlab chiqaruvchilar, kichik va o‘rta biznes sub’ektlari, tijorat banklari ikki mingga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
Tadbirning ochilishida Namangan viloyat hokimining o‘rinbosari Otabek Bozorov, “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati “Kelajakka qadam” markazi rahbari Elmurod Hoshimov, Namangan davlat texnika universiteti, professor Oybek Ergashev, Namangan shahri hokimi Ayubxon Kamolov mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangani, ushbu an’naviy ko‘rgazma esa, buning amaliy ifodasi ekanligini ta’kidladi.
Darhaqiqat, “Talaba EXPO-2026” kasb ko‘rgazmasi bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlash, ta’lim va mehnat bozori o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda malakali kadrlarni ishga joylashtirishda muhim ahamiyatga ega. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda Namangan viloyatidagi o‘nga yaqin davlat va xususiy oliy o‘quv yurtlarini 10 mingdan ortiq bitiruvchi-talabalar tamomlamoqda. Ularga shunchaki statistika uchun emas, balki Yangi O‘zbekistonning ertangi muhandislari, shifokorlari, o‘qituvchilari, tadbirkorlari va rahbarlari sifatida qarash bugungi kundagi dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Ko‘rgazmada bitiruvchilarning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha munosib ish topishi, ish beruvchilar esa, iqtidorli va bilimli kadrlar bilan ta’minlanishi uchun keng imkoniyatlar maydoni bo‘lib xizmat qildi.
Tadbir ishtirokchilari viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi tomonidan taqdim qilingan “Oson ish” elektron platformasi bilan yaqindan tanishdi. Bu dastur orqali bitiruvchilar onlayn ro‘yxatdan o‘tib, o‘z mutaxassisligiga maqbul ish joylarini topish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Masalan, Namangan davlat universitetining biotexnologiya yo‘nalishini tamomlayotgan chustlik Farangiz Yaxshiboyeva uchta ishlab chiqarish korxonasidagi bo‘sh ish o‘rinlari ma’qul bo‘lgani, ulardan birini tanlashini qayd etdi.
Yoki yana yosh To‘lagan To‘xtaraliyevni oladigan bo‘lsak, u “TURAN” xalqaro universitetini xalqaro iqtisodiyot ixtisosligi bo‘yicha bitirmoqda. O‘qishi tugamasidan avval ish joyini naqd qildi. Joriy yilda Prezident stipendiyasiga sazovor bo‘lgan bo‘lajak iqtisodchi viloyatdagi tijorat banklaridan biriga ishga qabul qilindi.
– Prezidentimizning 2025-yil 14-fevraldagi “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori yoshlarni munosib ish o‘rinlariga ega bo‘lishi hamda tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilishda alohida o‘rin tutmoqda, – deydi Namangan davlat texnika universiteti professori Oybek Ergashev. – Oliy o‘quv yurtimizni shu yili 4 ming 100 yosh tugatmoqda, ularning 1 ming 677 nafari kunduzgi, 2 ming 259 nafari sirtqi va 169 nafari magistratura ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchilariga to‘g‘ri kelmoqda. – “Kelajakka qadam” dasturi doirasida o‘tgan qariyb 1,5 yil davomida 245 talabamiz 17 milliard 387 million 600 ming so‘mlik imtiyozli kreditdan foydalandi. Birgina “Chortoq bosh bekati” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yo‘lovchi tashish xizmatlarini kengaytirish maqsadida 7 milliard 361 million 600 ming so‘mlik moliyaviy madad natijasida universitetimizning transport fakultetining besh nafar talabasi o‘z biznesini yo‘lga qo‘ydi. Buning natijasida 20dan ortiq ish o‘rinlari yaratildi.
[gallery-29924]
Tadbir davomida “O‘zmilliybank” tomonidan bitiruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvatlash maqsadida joriy qilingan “Kelajakka qadam” dasturining qulay imkoniyatlari haqida to‘laqonli tushuncha va ma’lumotlar taqdim etildi. Mazkur xayrli sa’y-harakatning navbatdagi ikkinchi mavsumini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida yaqin uch yil davomida 100 million dollar miqdorida resurs mablag‘lari ajratildi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA