«O‘zmilliybank» AJda ma’rifiy o‘quv-seminari o‘tkazildi
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyatini chuqur anglash, milliy ma’naviyatimiz va boy tarixiy merosimizni e’zozlash hamda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda inson kapitalining o‘rnini yanada oshirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan «O‘zmilliybank» AJda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqining mazmun-mohiyatini Bank xodimlariga yetkazish hamda unda ilgari surilgan ezgu g‘oya va tashabbuslarning ijtimoiy-ma’naviy ahamiyatini keng yoritishga qaratilgan ma’rifiy o‘quv-seminari tashkil etildi.
Tadbirda Bank xodimlari ishtirok etdi. Anjuman davomida mamlakatimizning ko‘p asrlik davlatchilik an’analari va milliy-ma’naviy merosidan boshlab, mustaqillik yillaridagi islohotlar hamda kelgusi o‘n yillik uchun belgilangan taraqqiyot yo‘nalishlarigacha bo‘lgan masalalar o‘zaro bog‘liqlikda tahlil qilindi va muhokama etildi.

O‘quv mashg‘ulotiga falsafa fanlari doktori (DSc) Jaloliddin Kadamovich Yusubov hamda iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Eshmurod Normuradovich Raximov lektor sifatida taklif etildi.
Seminarning birinchi yo‘nalishi — «Uch ming yillik ildizdan inson qadrigacha: tarixiy vorislik, milliy o‘zlik va 35 yillik islohotlarning o‘lchovi» mavzusiga bag‘ishlandi. Unda tarixiy vorislik, milliy o‘zlik va ma’naviy meros masalalari bugungi taraqqiyot jarayonlari bilan uzviy bog‘liq holda yoritildi. Taqdimotning asosiy mantiqi ikki yo‘nalishni birlashtirdi: bir tomonda — uch ming yillik davlatchilik an’analari va Uchinchi Renessans g‘oyasi, ikkinchi tomonda esa inson qadri va mustaqillik yillaridagi islohotlar natijalari o‘z aksini topdi.

Lektorlar milliy davlatchilik tarixining davomiyligi, Amir Temur va Alisher Navoiy singari buyuk ajdodlarimiz merosi, yurtimizdan yetishib chiqqan allomalarning jahon ilm-fani va tafakkuri rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida atroflicha fikr yuritdilar. Xususan, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiyning ilmiy-ma’naviy merosi Uchinchi Renessans uchun tarixiy va ma’rifiy poydevor sifatida ko‘rib chiqildi.

Seminarning yana bir muhim yo‘nalishi mustaqillik yillarida inson qadri tushunchasining davlat va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rniga bag‘ishlandi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar va boshqa ijtimoiy yo‘nalishlardagi o‘zgarishlar tarixiy taraqqiyotning bugungi bosqichi bilan bog‘liq holda tahlil qilindi.

Xususan, yetti milliy dastur uch asosiy qatlam — ijtimoiy asos, iqtisodiy rivojlanish va barqarorlik nuqtai nazaridan sharhlandi. Bilim va sog‘liq inson kapitalining asosi, yuqori texnologiyalar va mehnat unumdorligi iqtisodiy rivojlanish omili, suv va ekologiya, qonun ustuvorligi, mahalla, tinchlik hamda bag‘rikenglik esa uzoq muddatli barqaror taraqqiyotning muhim shartlari sifatida yoritildi.

Ayniqsa, iqtisodiy rivojlanish masalalari Bank xodimlari uchun professional faoliyat nuqtai nazaridan ham alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Yuqori texnologiyalar, mehnat unumdorligi, investitsiyalar, yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish, startaplar, venchur moliyalashtirish va sun’iy intellektni rivojlantirish kabi zamonaviy yo‘nalishlar yuzasidan keltirilgan ma’lumotlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbir davomida tarix, bugungi kun va kelajak bir-biridan ajralgan tushunchalar emasligi, aksincha, milliy taraqqiyotning o‘zaro bog‘liq bosqichlari ekani asosiy g‘oyalardan biri sifatida namoyon bo‘ldi. Ko‘p asrlik ilmiy va ma’naviy meros, mustaqillik yillarida to‘plangan tajriba hamda inson kapitaliga qaratilgan zamonaviy islohotlar mamlakatning kelgusi rivojlanishi uchun muhim omillar sifatida baholandi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, «O‘zmilliybank» AJda tashkil etilgan mazkur o‘quv-seminari xodimlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyatini yanada chuqurroq anglash, ularni tarixiy taraqqiyot jarayonlari bilan bog‘liq holda ko‘rib chiqish hamda milliy yuksalishning kelgusi ustuvor yo‘nalishlari haqida yaxlit va mukammal tasavvur hosil qilish imkonini berdi.
Kamola Yusupova,
O‘zA