“Markaziy Osiyo – Yaponiya”: kelishuvdan amaliy hamkorlik sari
Toshkentda “Markaziy Osiyo – Yaponiya” tahliliy markazlari birinchi forumi bo‘lib o‘tdi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida o‘tgan muloqotda Yaponiya, Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjonning tahliliy markazlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, davlat idoralari va ishbilarmon doiralari vakillari, olim va ekspertlar ishtirok etdi.

Anjuman 2025-yil 20-dekabr kuni Tokioda o‘tgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning amaliy mexanizmlarini ishlab chiqishga qaratildi.
Mazkur muloqot 2004-yilda Yaponiya tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan yigirma yilda u Yaponiya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning barqaror mexanizmiga aylandi. Davlat rahbarlarining Tokioda o‘tgan birinchi sammiti esa munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Sammitda Tokio deklaratsiyasi qabul qilinib, “Yashil rivojlanish va barqarorlik”, “O‘zaro bog‘liqlik” va “Inson kapitalini rivojlantirish” kabi hamkorlikning uchta ustuvor yo‘nalishi belgilandi. Forumdagi muhokamalar ham shu yo‘nalishlar asosida tashkil etildi.
Ishtirokchilar barqaror iqtisodiy rivojlanish, energetika xavfsizligi, muhim minerallar sohasidagi hamkorlik, transport va raqamli bog‘liqlik masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish, sun’iy intellekt va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Muhokamalar yakunida ekspertlik aloqalarini kengaytirish, qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish va davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
D.HAKIMOV,
O‘zA