O‘zbekistonning xalqaro olimpiadaga tayyorgarligi ko‘zdan kechirildi (+video)
38-xalqaro informatika olimpiadasi joriy yil 9-16-avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Unda 100 ga yaqin davlatdan 400 ga yaqin eng iqtidorli o‘quvchilar, shuningdek, yuzlab murabbiylar, jamoa sardorlari, qo‘mita a’zolari va xalqaro ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda. Musobaqa doirasida madaniy dasturlar, seminar-treninglar va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan uchrashuvlar ham tashkil etiladi.
Ushbu nufuzli tadbir doirasida O‘zbekistonning tayyorgarlik jarayonlarini baholash va xalqaro standartlarga muvofiqligini ko‘zdan kechirish maqsadida Xalqaro informatika olimpiadasining qo‘mitalari a’zolari 9-13-fevral kunlari Toshkent shahrida bo‘lib, tayyorgarlik yig‘ilishini o‘tkazmoqda.
Yig‘ilishda Shveysariya, Germaniya, Italiya, Polsha kabi 15 ta davlatdan 18 nafar xalqaro tashkiliy, ilmiy va texnik qo‘mita a’zolari ishtirok etmoqda. Ular orasida Xalqaro Informatika Olimpiada tarixida ko‘p yillar davomida faoliyat yuritib kelayotgan tajribali professorlar, masala tuzuvchilar, texnik tizimlar bo‘yicha yetakchi mutaxassislar hamda olimpiadalarni o‘tkazish bo‘yicha xalqaro ekspertlar mavjud.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/osLH70ekFh4" title="O`zbekistonning xalqaro olimpiadaga tayyorgarligi ko`zdan kechirildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ziyovuddin Nuriddinov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA