O‘zbekistonning turizm salohiyati Gruziya ommaviy axborot vositalari orqali yoritildi
Turizm - mamlakatning iqtisodiy va madaniy taraqqiyotini ta’minlovchi muhim tarmoqlardan biri hisoblanadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston ushbu sohada keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirib, jahon turizm bozorida o‘z o‘rnini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu yo‘nalishda xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kuchaytirish mamlakatning turistik jozibadorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga rasmiy tashrifi doirasida mamlakatimiz turizm salohiyatining Gruziya ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib etilayotgani ana shunday hamkorlikning yorqin namunasi bo‘ldi.
Jumladan, Gruziya Jamoat teleradiokompaniyasi efirida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy shaharlari, betakror me’moriy obidalari hamda zamonaviy turistik imkoniyatlari haqida maxsus teleko‘rsatuv namoyish etildi. Unda mamlakatimiz madaniy-ma’rifiy, gastronomik va tadbirlar turizmi uchun eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida e’tirof etildi.
Ko‘rsatuvda O‘zbekistonning jahonda eng tez rivojlanayotgan sayyohlik yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi. Xususan, boy tarixiy meros, ko‘plab mamlakatlar uchun joriy etilgan vizasiz tartib, yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar, zamonaviy mehmonxonalar va rivojlangan turistik infratuzilma mamlakatimizga tashrif buyuruvchilar uchun qulay sharoit yaratayotgani qayd etildi.
Bugungi kunda xalqaro auditoriyaga chiqishda televideniye va raqamli media muhim ahamiyatga ega. Shu bois, Turizm qo‘mitasi tomonidan Gruziyaning yetakchi media tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu tashabbuslar xorijlik jurnalistlarga mamlakatimiz turistik salohiyati bilan yaqindan tanishish, tarixiy obidalar, milliy taomlar, urf-odatlar va zamonaviy turistik xizmatlarni bevosita ko‘rish imkonini beradi. Shuningdek, ular tayyorlaydigan teleloyihalar, hujjatli filmlar va raqamli kontent orqali O‘zbekiston haqidagi ijobiy tasavvur yanada kengayishi kutilmoqda.
Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatning turistik imijini shakllantirishda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri beqiyos. Millionlab tomoshabinlar va internet foydalanuvchilari aynan media orqali yangi sayyohlik yo‘nalishlari haqida ma’lumot oladi va sayohat qarorini qabul qiladi.
Shu ma’noda, O‘zbekistonning turistik salohiyatini Gruziya ommaviy axborot vositalarida keng yoritish ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bermoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA