Muammoga joyida yechim topildi
Arnasoy tumanida tadbirkorlar bilan muloqotning yangi amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Endi soliq organlari muammoni kabinetda kutish emas, balki uning o‘zigacha yetib borish tamoyili asosida ishlamoqda. Bu esa Prezidentning kichik biznes uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy muhit yaratishga qaratilgan Farmoni ijrosini ta’minlashda muhim amaliy qadam bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-mayda qabul qilingan “Kichik biznes sub’ektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida Jizzax viloyati Arnasoy tumani davlat soliq inspeksiyasi tomonidan tadbirkorlar bilan manzilli uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, bu muloqotlar xizmat xonalarida emas, balki bozorlar, savdo shoxobchalari, ishlab chiqarish ob’ektlari hamda chekka mahallalarda o‘tkazilmoqda. Bu esa tadbirkorlarning faoliyatida uchrayotgan muammolarni joyida o‘rganish, huquqiy maslahat berish va masalalarga tezkor yechim topish imkonini yaratmoqda.

Uchrashuvlar chog‘ida tadbirkorlarga Prezident Farmoni bilan joriy etilgan soliq imtiyozlari, yengilliklar hamda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. Shuningdek, soliq qonunchiligidagi yangiliklar, hisobotlarni elektron shaklda taqdim etish tartibi hamda Soliq mobil ilovasidan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Xususan, raqamli xizmatlardan keng foydalanish orqali ortiqcha qog‘ozbozlikni qisqartirish, vaqt va mablag‘ni tejash imkoniyatlari tadbirkorlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu esa davlat xizmatlarini yanada sodda, tezkor va qulay tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy samarasini yaqqol namoyon etmoqda.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bugun soliq organlari faoliyatida asosiy ustuvorlik tadbirkorni jazolash emas, balki uning qonuniy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, qonunchilik talablarini to‘g‘ri qo‘llashda amaliy ko‘mak berish va biznes rivojiga munosib hissa qo‘shishdan iborat.
Arnasoy tumani davlat soliq inspeksiyasi tomonidan bunday ochiq muloqotlar va sayyor qabullar izchil davom ettirilmoqda. Har bir tadbirkorning murojaati atroflicha o‘rganilib, ularni qiynayotgan masalalarni imkoni qadar joyida hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu kabi amaliy yondashuvlar hududda sog‘lom biznes muhitini mustahkamlash, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, iqtisodiy faollikni oshirish hamda davlat idoralari bilan biznes vakillari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri