O‘zbekistonning suv sohasidagi islohotlari Jahon banki tomonidan yuqori baholandi
O‘zbekiston delegatsiyasi AQSHning Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha yuqori darajadagi Forumida ishtirok etmoqda.
Xalqaro forum doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Jahon banki guruhining suv resurslari bo‘yicha global direktori Sarodj Kumar Ja bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Jahon banki vakili O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida suv sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni e’tirof etib, o‘zining forumdagi nutqida ham O‘zbekiston yutuqlarini namuna sifatida ko‘rsatib o‘tganini ta’kidladi.
Kumar Ja davlatimiz tomonidan suv sohasiga qaratilayotgan e’tiborni, xususan, dunyoda ko‘pgina davlatlar Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM 6 — “Toza suv va sanitariya”) uchun o‘rtacha 0,05 foiz byudjet mablag‘larini yo‘naltirayotgan bir davrda, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich hozirda 3,2 foizni tashkil etayotgani va yil yakuniga qadar 4,2 foizga yetkazilishi rejalashtirilganini yuqori baholadi.
Muzokaralar yakunida hamkorlikda sohaviy tizimli tadqiqotlarni o‘tkazish hamda boshqa istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
O‘zA