2028-yilda O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish vazirlari konferensiyasini o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi
Xabar berganimizdek, O‘zbekiston delegatsiyasi AQSHning Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha yuqori darajadagi Forumida ishtirok etmoqda.
Forum doirasida O‘zbekiston delegatsiya vakillari BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YeIK) O‘rmon xo‘jaligi, uy-joy qurilishi va yerdan foydalanish bo‘yicha qo‘mitasi direktori Paola Deda xonim bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va BMT YeIK o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish, cho‘llanishni oldini olish, yashil hududlarni kengaytirish, suv resurslarini boshqarish sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Paola Deda xonim 2028-yilda BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi shafeligida atrof-muhitni muhofaza qilish vazirlari konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.
O‘zbekistonning mazkur sohadagi faol ishtiroki va tashabbuslarini qayd etib, mamlakatimiz ushbu nufuzli anjumanni o‘tkazish uchun mezbonlikka munosib nomzod ekanligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni izchil davom ettirish va ilgari surilgan takliflar yuzasidan muntazam ma’lumot almashib borishga kelishib oldilar.
O‘zA