Oʻzbekistonning pley-offga chiqish imkoniyati 1 foizga baholandi
Buyuk Britaniyaning mashhur The Guardian nashri superkompyuter hisob-kitoblariga tayangan holda guruhlardagi vaziyat yuzasidan yakuniy prognozlarini taqdim etdi.
Shimoliy Amerika maydonlarida oʻtayotgan futbol boʻyicha Jahon chempionati qizgʻin pallaga kirishi bilan nufuzli nashrlar guruh bosqichidan keyingi raundga yoʻllanma oladigan jamoalar borasida oʻz tahlillarini eʼlon qila boshladi. Xususan, Buyuk Britaniyaning mashhur The Guardian nashri superkompyuter hisob-kitoblariga tayangan holda guruhlardagi vaziyat yuzasidan yakuniy prognozlarini taqdim etdi.
Nashr tahlilchilari Oʻzbekiston milliy terma jamoasi joy olgan "K" guruhidagi vaziyatga alohida toʻxtalib, vakillarimizning imkoniyatlarini oʻta salbiy baholagan.
Kvartetdagi autsayderlik xavfi
Portugaliya, Kolumbiya va Kongo DR terma jamoalari bilan bir guruhdan joy olgan Oʻzbekiston termasining 1/16 final bosqichiga yoʻl olish ehtimoli kompyuter tahlillariga koʻra bor-yoʻgʻi 1 foizni tashkil etmoqda. Bu — mazkur guruhdagi eng past koʻrsatkichdir.
Matematik model jamoamizning keyingi bosqich taqdirini quyidagicha prognoz qilgan:
Pley-offga yoʻllanma olish (3-oʻrin orqali): 1 foiz. Agarda Oʻzbekiston guruhi orqali eng yaxshi natija koʻrsatgan uchinchi oʻrin sohiblari qatorida keyingi bosqichga oʻtmoqchi boʻlsa, moʻjiza yuz berishi kerak.
3-oʻrinni egallab, turnirni tark etish: 31 foiz. Jamoaning guruhda uchinchi boʻlishi, ammo ochkolar va toʻplar nisbati boʻyicha pley-offga ilina olmaslik xavfi ancha yuqori.
Guruhda soʻnggi oʻrinni egallash: 69 foiz. Sunʼiy intellekt hisob-kitoblariga koʻra, vakillarimizning guruhda toʻrtinchi boʻlib qolish ehtimoli eng katta koʻrsatkich sifatida qayd etilgan.
Fabio Kannavaro shogirdlari guruh bosqichining dastlabki ikki turida ochko jamgʻara olishmadi. Jamoamiz guruhdagi soʻnggi va hal qiluvchi oʻyinini 28-iyunga oʻtar kechasi DR Kongo termasiga qarshi oʻtkazadi.