O‘zbekistonning ma’naviy merosni asrab-avaylashga oid tashabbuslari xalqaro miqyosda tan olinmoqda
7-11-iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida “I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” xalqaro forumining ikkinchi kuni ham qiziqarli taqdimotlar, rang-barang tadbirlarga boy bo‘ldi.
Mazkur forum Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Islom olami ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – ICESCO hamkorligida tashkil etilib, unda ko‘tarilgan masalalar dolzarbligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Forum islom sivilizatsiyasining haqiqiy mazmun-mohiyatini ochib berish, uning ilm-fan, madaniyat va ma’naviy taraqqiyotga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etish, shuningdek, zamonaviy dunyoda tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga qaratildi.
Jumladan, ikkinchi ish kunidan media voqealar va taqdimotlar ham o‘rin oldi. «O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi: meros, ilm-fan va ma’rifatning global platformasi» taqdimoti o‘tkazildi. Uni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov taqdim qildi. Taqdimotda ushbu Forum islom dunyosining boy ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganish, uni jahon hamjamiyatiga keng namoyon etish hamda sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot va hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim xalqaro maydon ekani ta’kidlandi.
Kunning asosiy voqealaridan biri IRCICA bilan hamkorlikda nashr etilayotgan "Shavkat Mirziyoyev — ma’rifatparvar yo‘lboshchi" kitob-albomi taqdimoti o‘tkazilgani bo‘ldi. Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining bosh minbarlaridan ilgari surgan tashabbuslari islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etish borasida yangi bosqichni boshlab bergani qayd etildi. Jumladan, Markaziy Osiyo uyg‘onish davri allomalarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etish, Imom Buxoriy kabi buyuk muhaddislar ilmiy merosini asrab-avaylash va o‘rganish, shuningdek, ma’rifat va diniy bag‘rikenglik tamoyillarini xalqaro miqyosda ilgari surishga qaratilgan tashabbuslar bugun izchil amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Tadbirda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan bir qator noshirlik loyihalari taqdimotlari o‘tkazildi. Xususan, «O‘zbekistonda saqlanayotgan nodir Qur’on qo‘lyozmalari», «Jahonning 114 nodir Qur’on qo‘lyozmasi», «Katta Langar Qur’oni: tarix va haqiqat» nashrlari taqdimoti ana shu ulkan ilmiy-ma’rifiy jarayonning muhim natijasidir. Bu nashrlarning mohiyati shundaki, ular Qur’oni karim qo‘lyozmalarini faqat muqaddas yodgorlik sifatida emas, balki tarix, xattotlik, kitobat san’ati, qog‘ozshunoslik, pergamentshunoslik, madaniy aloqalar va sivilizatsion xotira manbai sifatida o‘rganadi.

Birinchi kitob — «O‘zbekistonda saqlanayotgan nodir Qur’on qo‘lyozmalari» yurtimiz fondlarida saqlanayotgan Qur’oni karim qo‘lyozmalarini ilk bor yaxlit ilmiy tizimda jamlashga qaratilgan. Unda muzeylar, kutubxonalar, ilmiy muassasalar va diniy tashkilotlarda saqlanayotgan nusxalar haqida ma’lumotlar jamlangan. Har bir qo‘lyozmaning tarixi, kitobat qilingan davri, xat uslubi, qog‘oz yoki pergament xususiyatlari, bezaklari, saqlanish joyi va ilmiy tavsifi berilgan.

Ikkinchi kitob — «Jahonning 114 nodir Qur’on qo‘lyozmasi» esa O‘zbekiston doirasidan chiqib, Qur’on qo‘lyozmalari tarixini jahon miqyosida ko‘rsatadi. Ushbu nashrda dunyoning eng mashhur muzeylari, kutubxonalari va ilmiy markazlarida saqlanayotgan nodir Qur’on qo‘lyozmalari haqida ma’lumotlar jamlangan.
Ular orasida hazrati Usmon mushaflari, Sano qo‘lyozmasi, Parij kodeksi, Birmingem parchalari, To‘pqopi mushafi, Moviy Qur’on, Ibn al-Bavvob Qur’oni, shuningdek, yurtimiz tarixi bilan bog‘liq Katta Langar Qur’oni kabi islom qo‘lyozma madaniyatining eng muhim namunalari bor.
Uchinchi kitob — «Katta Langar Qur’oni: tarix va haqiqat» alohida ahamiyatga ega. Chunki bu nashr faqat bitta qo‘lyozma haqidagi kitob emas, balki bir nodir mushafning taqdiri, uning yo‘qolgan va topilgan sahifalari, ilmiy bahslar, radiokarbon tahlillar, saqlanish manzillari va tarixiy haqiqatini tiklashga qaratilgan tadqiqot.

Ushbu kitobning eng muhim jihati shundaki, unda hozircha ma’lum bo‘lgan barcha sahifalar ilk bor bir butun tartibda jamlangan. Qaysi sahifa qayerda saqlanayotgani, ularda qaysi sura va oyatlar borligi, xat uslubi, material birligi, matndagi tuzatishlar va saqlanish tarixi ilmiy asosda yoritilgan.
Shuningdek, forumning ikkinchi kunidan o‘rin olgan Iroqlik publitsist yozuvchi Ahmad Jasim Zubaydiyning «Yangi O‘zbekiston: tinchlik, insonparvarlik va bag‘rikenglik диёри» kitob-albomi taqdimoti, xalqaro jurnalist Valeriy Biryukovning «Shavkat Mirziyoyev – jahon miqyosidagi davlat va siyosat arbobi» kitob-albomi taqdimoti, pokistonlik jurnalist Muhammad Abbos Xonning «O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti» asari taqdimoti yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining zamonaviy tahliliy laboratoriyasi taqdimoti, “Merosning qaytishi: YeXHT ko‘magida madaniy boyliklarni repatriatsiya qilish dasturi” taqdimoti singari kun voqealari forumning madaniy muloqot maydoni sifatidagi ahamiyatini yanada oshirdi.

Forumning ikkinchi kuni yakunida islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish va targ‘ib qilish sohasida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, ilmiy muassasalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, qo‘lyozmalarni saqlash va raqamlashtirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot markazlari va madaniy muassasalar o‘rtasida hamkorlik memorandumlari hamda kelishuvlar imzolandi.
Shuningdek, I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining Toshkent deklaratsiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini 2027-2030-yillarda rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» kabi muhim hujjatlar qabul qilindi.
Forumning asosiy voqeasi sifatida esa anjuman ishtirokchilarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaati yo‘llanishi bo‘ldi.
Bir so‘z bilan aytganda, I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi O‘zbekistonning boy tarixiy va ilmiy merosini jahon hamjamiyatiga yanada keng tanitish, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda islomning tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifatga asoslangan ezgu qadriyatlarini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladigan muhim xalqaro maydonga aylanmoqda.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri