"Hukumat soati": Geologiya vaziri deputatlar savollariga javob berdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” bo‘lib o‘tdi. Unda “Yer qa’ridan foydalanishda atrof-muhitning, yer va suv resurslarining muhofaza qilinishi hamda tog‘-kon ishlarida xavfsizlik talablariga rioya etilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masala muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan deputatlarning savollariga tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov javob berdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda yer qa’ridan va foydali qazilmalar resurslaridan oqilona foydalanish, qazib olish jarayonlarida atrof-muhit va yer qa’ri ifloslanishining oldini olish, buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish, tog‘-kon ishlarida sanoat xavfsizligini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, konlarni qazib olish jarayonlarida raqamlashtirish va kam chiqindili texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Konlarning 3D modellari yaratilib, “aqlli” boshqaruv tizimlari orqali qazish ishlarini aniq va samarali tashkil etish yo‘lga qo‘yilgan. Qazib olish jarayonida hosil bo‘ladigan jinslar va chiqindilar qayta ishlanib, qurilish materiallari sifatida foydalanilmoqda.
Sohani raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda korrupsiya omillarini bartaraf etish borasida ham muhim qadamlar tashlanmoqda. “Geomonitoring” axborot tizimi joriy etilib, 2 mingdan ortiq foydali qazilma uchastkalari to‘g‘risida ma’lumotlar raqamlashtirilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida vazirlik va tizim tashkilotlarida ichki nazorat tuzilmalari tashkil etilgan. Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xaridlar jarayonini shaffoflashtirish, aloqa kanallari orqali murojaatlarni o‘rganish, xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish va raqamli nazorat mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Vazirga ko‘ra, 2025-yilda 2 085 gektarlik buzilgan yerlar rekultivatsiya, ya’ni qayta tiklangan. 2026-yilning birinchi yarim yilligida esa 340,8 gektar maydonda rekultivatsiya ishlari amalga oshirilgan. Yil yakuniga qadar 1 000 gektarlik ko‘rsatkichga erishish rejalashtirilgan.
[gallery-30311]
Sohada ruxsatnomalar olish jarayonlarining shaffofligini ta’minlash va tadbirkorlar uchun teng imkoniyatlar yaratish maqsadida raqamlashtirish ishlari kengaytirilib, “Ye-Auksion”, “Litsenziya” axborot tizimlari orqali noruda va oltin izlovchilar faoliyati uchun ruxsatnomalar elektron shaklda berilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Suv hisoblash vositalarini ro‘yxatga olish tizimi to‘liq “yagona darcha” tamoyili asosida joriy etilib, 2 ming 663 ta suv hisoblash vositalari ro‘yxatga olingan.
Shu bilan birga, yer osti suv resurslaridan foydalanish va quduqlarni burg‘ilash ishlarini tartibga solish borasida ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan 2025-yilda 698 ta yer osti suvlariga noqonuniy quduq burg‘ilash va suvdan foydalanish holatlari aniqlangan.
Muhokamalar davomida deputatlar yer qa’ridan foydalanishda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish sur’atlarini oshirish, yer osti suvlaridan oqilona foydalanish, noqonuniy quduq burg‘ilash holatlarining oldini olish, tog‘-kon va neft-gaz ob’ektlarida sanoat xavfsizligini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Deputatlar tomonidan sohada raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, ruxsat berish tartib-taomillarida inson omilini kamaytirish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash hamda nazorat tadbirlarining shaffofligini ta’minlash bo‘yicha qator takliflar bildirildi.
Xususan, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari sohada litsenziya va ruxsatnomalar olish tizimini to‘liq raqamlashtirish, ish jarayonlarining shaffofligini ta’minlash va inson omilini to‘liq bartaraf etish, foydali qazilmalardan samarali foydalanishda zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish borasida qanday qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani bilan qiziqdi.
“Milliy tiklanish” DP fraksiyasi a’zolari esa kon portlatish texnologiyasi va amaliyotini yanada takomillashtirish, xususan, xavfsizlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha qazib olish ishlarining ekologik talablarga muvofiq tashkil etilishi bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan savollar berdi.
“Adolat” SDP fraksiyasi vakillari tog‘-konchilik sohasida hosil bo‘ladigan jinslar va chiqindilar miqdorini kamaytirish, ya’ni qayta ishlash yoki utilizatsiya qilish, javobgarlik choralarining samaradorligi hamda sohada qonun ustuvorligini ta’minlash masalalarini ko‘tardi.
O‘zXDP fraksiyasi a’zolari tog‘-kon sanoatida mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligini yanada kuchaytirish, xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida baxtsiz hodisalarning oldini olish, xodimlar malakasini oshirish hamda ularning xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan qiziqdi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zolari esa yer ostidan suv olish inshootlariga suv hisoblash vositalari o‘rnatilishini ta’minlash, yer osti suv sathi pasayib borayotgan hududlarda yer osti suvlari monitoringini kuchaytirish, yer osti suvlariga quduq burg‘ilash va ulardan foydalanish bo‘yicha 21 ta hududda joriy etilgan moratoriy talablariga rioya etilishini ta’minlash yuzasidan fikrlarini bildirdi.
Vazir deputatlar tomonidan ko‘tarilgan barcha savollarga batafsil tushuntirishlar berib, sohada amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar haqida axborot berdi.
“Hukumat soati”da yer qa’ridan oqilona foydalanish, atrof-muhit muhofazasini ta’minlash, yer va suv resurslarini asrash, tog‘-kon ishlarida xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etish, sohada raqamlashtirish va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olindi.
O‘zA