O‘zbekistonlik para suzuvchi Osiyo rekordini yangiladi
Yaponiyada o‘tayotgan V Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari navbatdagi medallarni qo‘lga kiritdi. Bu gal para suzish, para velosport va para pauerlifting bahslarida hamyurtlarimiz shohsupaga ko‘tarildi.
V Paraosiyo o‘yinlarining para suzish bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi S13 klassida 200 metrga kompleks usulda suzishda Yegor Bolotov 2:12.97 natija bilan marraga birinchi bo‘lib yetib keldi va Osiyo rekordini yangiladi. Dmitriy Xorlin esa 2:19.91 natija bilan ikkinchi o‘rinni egallab, kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Para velosportning shosse yo‘nalishida erkaklar o‘rtasida C4–5 klassidagi guruh poygasida Azimbek Abdullayev 1:48.55 natija bilan marraga yetib kelib, kumush medalga sazovor bo‘ldi. Para pauerlifting bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi jamoaviy bahsda esa Ro‘za Qo‘ziyeva, Ruxshona O‘ktamova va Qudratoy Toshpo‘latovadan iborat O‘zbekiston jamoasi 303,09 natija qayd etib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 43 ta oltin, 47 ta kumush va 48 ta bronza, jami 138 taga yetdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA