O‘zbekistonlik pahlavonlar jahon chempionatida muvaffaqiyatli qatnashmoqda
Hindistonning Nyu-Deli shahrida tosh ko‘tarish bo‘yicha o‘tkazilayotgan jahon chempionatining dastlabki kunlarida mamlakatimiz pahlavonlari 17 ta medallar shodasiga sazovor bo‘ldi.
24 taga yaqin davlatdan 400 nafarga yaqin sportchilar ishtirok etayotgan murosasiz bahslarda O‘zbekiston bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish milliy terma jamoasining 13 nafar a’zosi vatanimiz sharafini himoya qilmoqda.

Chempionatning dastlabki kunlarida o‘tkazilgan tosh ko‘tarishning bir qator yo‘nalishlarida kechgan musobaqalarda X. Saidnazarov, A. Ahmadjonov, J. Mengliyev, Sh. Sodiqov, B. Ataqulov, M. Sunnatov, M. Hamdamov kabi mamlakatimizning bir qator sportchilari oltin medallarni qo‘lga kiritdi.
Ortda qolgan ikki kunlik kurashlar sarhisobiga ko‘ra, o‘zbekistonlik sportchilar 14 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medaliga ega chiqdi.
Jahon chempionati bahslari davom etmoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA