O‘zbekistonlik energetiklar Xitoy va Janubiy Koreyada ilg‘or tajribani o‘rganmoqda
Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi hamda sohaga daxldor tashkilotlar vakillari Xitoy va Janubiy Koreyada bo‘lib, zamonaviy yondashuvlar va innovatsion yechimlar bilan tanishmoqda.
Xitoy Savdo vazirligi hamda Shimoliy Xitoy elektr energetika universiteti (NCEPU) hamkorligida tashkil etilgan ushbu amaliy safardan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqaro tajribani o‘zlashtirish, sohadagi bilim va ko‘nikmalarni boyitish hamda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.

Xitoy Xalq Respublikasida tashkil etilgan xalqaro seminarda Energetika vazirligi tizimi xodimlari va Andijon davlat texnika instituti mutaxassislari ishtirok etmoqda. Unda SHHTga a’zo davlatlar uchun elektr tarmoqlarini barpo etish va samarali boshqarish masalalariga asosiy e’tibor qaratilmoqda.
Tadbir doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlari, energiyani saqlash tizimlarini takomillashtirish, shuningdek, infratuzilmani rivojlantirishga oid ilg‘or tajribalar o‘rganilmoqda. Bu esa kelgusida mamlakat energetika tizimining barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Janubiy Koreyada esa Energetika vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ul xodimlari issiqxona xo‘jaliklarida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalarni o‘rganmoqda. Xususan, energiya tejamkor isitish uskunalari, resurslardan oqilona foydalanish, raqamli boshqaruv tizimlari va sun’iy intellekt asosida iqlimni nazorat qilish mexanizmlari yuzasidan amaliy ma’lumotlarga ega bo‘lyapti.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, bunday xalqaro muloqot va tajriba almashinuvi milliy energetika tarmog‘iga ilg‘or yechimlarni tatbiq etish, mutaxassislar salohiyatini yuksaltirish hamda xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA