O‘zbekistonda dekarbonizatsiya yo‘nalishlari: muammolar va imkoniyatlar
Global iqlim o‘zgarishlari va ekologik chaqiriqlar kuchayib borayotgan hozirgi davrda har bir mamlakat oldida iqtisodiyotni raqobatbardosh saqlagan holda issiqxona gazlari chiqindilarini keskin kamaytirish vazifasi turibdi. Xususan, O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan strategik maqsadlarga erishish yo‘lida past uglerodli iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirmoqda. Bu esa, o‘z navbatida ulkan investitsiyalar va moliyaviy resurslarni talab etishi bilan birga, ilmiy asoslangan prognoz qilish mexanizmlarini joriy etishni taqozo etadi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida ana shu dolzarb vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan «O‘zbekistonda dekarbonizatsiya yo‘nalishlari: muammolar va imkoniyatlar» mavzusida ekspertlar seminari bo‘lib o‘tdi. Nufuzli xalqaro va mahalliy ekspertlarni birlashtirgan mazkur tadbirda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD), Iqlim iqtisodiyoti instituti (I4CE), Barqaror rivojlanish va xalqaro munosabatlar instituti (IDDRI), shuningdek, Deep Decarbonization Pathways (DDP) xalqaro tashabbusi va Adelante tashkiloti vakillari ishtirok etdi.
Seminar davomida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining ekspertlar guruhi tomonidan O‘zbekiston iqtisodiyotini dekarbonizatsiya qilishning uzoq muddatli ssenariylariga bag‘ishlangan keng qamrovli tadqiqot natijalari taqdim etildi. Mazkur tahlil Fransiya taraqqiyot agentligi ko‘magida, IDDRI va DDP tarmog‘ining metodologik ko‘magi ostida tayyorlangan bo‘lib, u Pathways Designer modeliga asoslangan. Ushbu model energetika, sanoat, transport, qurilish tarmoqlarining rivojlanishi kelajakda issiqxona gazlari miqdoriga qanday ta’sir ko‘rsatishini aniq baholash imkonini beradi. Ayniqsa, 2025-yilda IHTT (OECD) ko‘magida SIPA loyihasi doirasida boshlangan ishlar 2026-yilda yanada kengaytirilib, ilk bor qishloq va o‘rmon xo‘jaligi hamda yerdan foydalanishning boshqa turlarini qamrab oluvchi AFOLU sektorining kompleks baholashga kiritilgani tadqiqotning ilmiy va amaliy ahamiyatini yanada oshirdi.
– Tadqiqotning muhim jihati shundaki, unda to‘liq milliy statistika ma’lumotlari va strategik hujjatlardan foydalanilgan, – dedi ekspertlar guruhi rahbari Abdurashid Bozorov. – Bu esa issiqxona gazlarini qisqartirish ssenariylarini mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ustuvorliklari bilan chambarchas bog‘lab, qarorlarning tarmoqlarga ta’sirini oldindan ko‘ra bilishni ta’minlaydi. Mazkur sa’y-harakatlar bevosita O‘zbekistonning yangilangan Milliy darajada belgilangan hissasi (ONUV 3.0) talablariga asoslanadi. Unga ko‘ra, mamlakatimiz 2035-yilga borib YAIM birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlarini 2010-yil darajasiga nisbatan 50 foizga kamaytirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Tabiiyki, bunday ulkan maqsadlarga erishish katta miqdordagi moliyaviy resurslarni talab qiladi. ONUV 3.0 ma’lumotlariga ko‘ra, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga bo‘lgan umumiy ehtiyoj 2030-yilgacha 33,7 milliard dollar, 2035-yilgacha esa qariyb 70 milliard dollarni tashkil etadi. Bunda faqatgina 2030-yilgacha bo‘lgan davrda moliyalashtirishdagi mablag‘ yetishmovchiligi 9,5 milliard dollarga baholanayotgani e’tiborni tortadi.
Ushbu moliyaviy tafovutni bartaraf etish va past uglerodli iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish yo‘llari seminarda keng muhokama qilindi. Xususan, Iqlim iqtisodiyoti instituti (I4CE) ekspertlari Luiz Kessler va Solen Metaye ishtirokchilarga LTS Dashboard tahliliy vositasi orqali uzoq muddatli iqlim strategiyalarini moliyalashtirishni rejalashtirish va investitsiya ehtiyojlarini hisoblash usullarini tanishtirdi. Shuningdek, davlat va xususiy sheriklik mexanizmlari, yashil obligatsiyalar hamda xalqaro klimat jamg‘armalari mablag‘larini jalb qilish orqali moliyalashtirish turlarini mamlakat sharoitiga moslashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Seminar doirasida Adelante eksperti Sara Dia O‘zbekistonning yashil o‘sish bo‘yicha strategik dasturi ijrosini baholash natijalarini ma’lum qilgan bo‘lsa, DEXA, IDDRI va DDP ekspertlari tomonidan issiqxona gazlari chiqindilarini modellashtirishning tarmoqlararo bog‘liqliklari ochib berildi. Yakuniy muhokamalarda 2050-yilgacha mo‘ljallangan uzoq muddatli ssenariylarga aniqlik kiritish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash hamda iqlim siyosati monitoringini takomillashtirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA