Kuzgi shudgorlash – mo‘l hosil garovi
Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi Ayqiron qishlog‘i hududida kelgusi yil hosili uchun puxta zamin yaratish yuzasidan kuzgi shudgorlashni sifatli o‘tkazish, yerga-yer qo‘shish, dala chetlariga ko‘chat ekish, ichki ariqlarni tozalab chopish hamda betonlashtirish masalalariga bag‘ishlangan viloyat ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.
Anjumanda qatnashgan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov qayd etganidek, joriy yilda paxtachilikda tarixiy natijaga erishildi. Yetishtirilgan mo‘l hosil qisqa fursatda yig‘ishtirib olinib, paxta sotish rejasi ortig‘i bilan uddalandi. Bu esa kuzgi muhim tadbir – shudgorlash va boshqa yumushlarni ertaroq amalga oshirish imkonini bermoqda.

Viloyat qishloq xo‘jaligi hamda sohaga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar mutasaddilari, tuman hokimlarining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari va boshqa mas’ullar ishtirokidagi tadbirda shudgorlashni talab darajasida, sifatli tashkil etish, yerga-yer qo‘shish, dala madaniyatini shakllantirish kabi agrotexnik tadbirlar amalda ko‘rsatib berildi.

– Kuzgi dolzarb yumushlar – shudgorlashdan tortib, ariq-zovurlarni tozalash, yerga-yer qo‘shish, dala madaniyatini shakllantirish asosiy e’tiborimizda, – dedi “O‘zagroinspeksiya” Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Anvarjon Hakimov. – Mazkur mavsumda viloyatimiz bo‘ylab shudgorlanishi belgilangan 108 ming 477 gektar maydonning 12 ming 241 gektari g‘o‘zadan, 70 ming 728 gektar takroriy ekindan, 25 ming 328 gektari esa boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlaridan bo‘shagan maydonlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Shudgorlash ishlarini tizimli tashkil etish maqsadida 126 ta otryad shakllantirildi.

Seminarda otryadlar uzluksiz ishlashi va mavsumni tez kunlarda yakunlashi uchun ko‘rilgan choralar, biriktirilgan texnika hamda ehtiyot qismlar zahirasi ham ko‘zdan kechirildi. Otryadlar a’zolari rag‘batlantirildi. Soha mutasaddilarining hisobotlari eshitilib, tajribali faxriylarning maslahatlari tinglandi.

Tadbir yakunida, ayni paytda ko‘rilayotgan masalalarga birma-bir to‘xtalib o‘tildi va soha xodimlari oldida turgan vazifalar belgilab berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri