Bir oyda Prezident Xalq qabulxonalariga 76 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi
Bola nafaqasi, aliment va gaz ballonlari bilan bog‘liq masalalar fuqarolar murojaatlarida yetakchilik qildi.
Fuqarolarning muammolarini o‘rganish, ularni qonuniy hal etish va aholi bilan muloqotni kuchaytirishda Prezident Xalq qabulxonalari muhim maydonga aylanmoqda. 2026-yil avgust oyida mazkur tizim orqali aholidan 76 mingdan ortiq murojaat qabul qilingan. Prezident Xalq qabulxonasi tizimida avgust oyida 76 196 ta murojaat ro‘yxatga olinib, ularda jami 83 019 ta masala ko‘tarilgan. Murojaatlarning 11 114 tasi takroriy, 1 593 tasi esa jamoaviy tusda bo‘lgan.
Tahlillar aholini, avvalo, ijtimoiy himoya, oilaviy munosabatlar va kommunal xizmatlar bilan bog‘liq masalalar tashvishga solayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, avgust oyida eng ko‘p murojaat bola nafaqasi bo‘yicha — 4 833 ta qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarda aliment masalasi — 4 658 ta, gaz ballonlari bilan bog‘liq murojaatlar — 2 475 tani tashkil etgan.
Shuningdek, huquqbuzarliklarga oid 1 826 ta, bir martalik moddiy yordam bo‘yicha 1 765 ta, surishtiruv va tergov masalalari yuzasidan 1 709 ta murojaat kelib tushgan.
Aholi uchun ish bilan ta’minlanish ham dolzarb masalalardan biri bo‘lgan. Bu yo‘nalishda 1 657 ta murojaat qayd etilgan. Uy-joyni ta’mirlashga moddiy yordam so‘rab 1 548 ta, ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha 1 528 ta, ijro hujjatlariga oid esa 1 234 ta murojaat kelib tushgan.
Tashkilotlar kesimida murojaatlar soni bo‘yicha Ijtimoiy himoya milliy agentligi birinchi o‘rinni egallagan — 12 097 ta. Shuningdek, Ichki ishlar vazirligiga 8 258 ta, Majburiy ijro byurosiga 7 966 ta, Energetika vazirligiga 6 551 ta, Bosh prokuraturaga 5 498 ta murojaat yuborilgan. Bandlik vazirligiga 4 272 ta, Sog‘liqni saqlash vazirligiga 3 934 ta, Oliy sudga 3 070 ta, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga 2 916 ta hamda Markaziy bankka 2 615 ta murojaat kelib tushgan.
Avgust oyida shoshilinch tartibda ko‘rib chiqishni talab etgan murojaatlar ham qayd etildi. Ularning 638 tasi elektr ta’minotidagi uzilishlar, 551 tasi ichimlik suvi, 67 tasi esa tez tibbiy yordam xizmati bilan bog‘liq bo‘lgan. Aholi bilan bevosita muloqot shakllaridan biri bo‘lgan shaxsiy qabullar bo‘yicha avgust oyida 5 666 ta qabul o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Amalda esa 4 666 ta shaxsiy qabul o‘tkazilgan.
O‘tkazilmagan shaxsiy qabullar soni Toshkent viloyatida 148 ta, Farg‘ona viloyatida 137 ta va Toshkent shahrida 134 tani tashkil etgan. Shuningdek, avgust oyida 4 495 ta sayyor qabul o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 4 327 tasi amalda tashkil etilgan. Sayyor qabullarni o‘tkazmagan tashkilotlar orasida elektr tarmoqlari korxonalarida 39 ta, obodonlashtirish boshqarmalarida 36 ta va mahallalar bo‘limlarida 31 ta holat qayd etilgan. Umuman, avgust oyidagi murojaatlar statistikasi aholini ijtimoiy nafaqalar, aliment, bandlik, kommunal xizmatlar, uy-joy va huquqiy masalalar ko‘proq o‘ylantirayotganini ko‘rsatmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA