O‘zbekistonda birinchi chorakda aholiga 5,7 trillion so‘m miqdorida ipoteka krediti ajratildi
Markaziy bank tahliliga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida respublikada 110 mingdan ortiq ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirildi. Ipoteka kreditlari, qurilish hajmining o‘sishi va eskrou tizimining joriy etilishi bozordagi faollikni yanada kuchaytirdi.
O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori iqtisodiyotning eng faol tarmoqlaridan biri sifatida rivojlanishda davom etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan e’lon qilingan “2026-yil I chorakda ko‘chmas mulk bozori tahlili hisoboti sohada ijobiy tendensiyalar saqlanib qolayotganini ko‘rsatdi.
Hisobotga ko‘ra, bozordagi faollikka ipoteka kreditlari hajmining oshishi, aholi real daromadlarining o‘sishi, qurilish sohasidagi investitsiyalar kengayishi hamda eskrou tizimining joriy etilishi kabi omillar turtki bergan. Joriy yilning yanvar–mart oylarida respublika bo‘yicha 110,1 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirildi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 48,4 foizga yuqori bo‘lib, so‘nggi yillardagi eng yuqori o‘sish sur’atlaridan biri sifatida baholanmoqda. Ayniqsa, Toshkent shahri, Sirdaryo, Andijon va Navoiy viloyatlarida bitimlar sonining sezilarli darajada ortishi ushbu hududlarda uy-joy bozori jadal rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Mutaxassislar mart oyida kuzatilgan yuqori faollikni 2026-yil 1-apreldan amalga kiritilgan eskrou hisobvarag‘i tizimi bilan bog‘lamoqda. Yangi tartib kuchga kirishidan avval ko‘plab xaridor va sotuvchilar shartnomalarni amaldagi tartib asosida rasmiylashtirishga shoshilgani natijasida bitimlar soni keskin oshgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi chorakda aholiga 5,7 trillion so‘m miqdorida ipoteka krediti ajratildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 29 foizga ko‘pdir.
Shu bilan birga, aholi real daromadlarining 7,8 foizga o‘sishi ham fuqarolarning uy-joy sotib olish imkoniyatlarini kengaytirib, bozorda talabning yuqori darajada saqlanishiga xizmat qildi. Bu esa ko‘chmas mulk bozorida faqat investitsiyaviy emas, balki real ehtiyojdan kelib chiqqan xaridlar ham ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Talabning o‘sishiga mos ravishda qurilish sohasida ham ijobiy dinamika saqlanmoqda. Birinchi chorakda foydalanishga topshirilgan uy-joylarning umumiy maydoni 3,3 million kvadrat metrni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 6,6 foizga oshdi. Qurilish hajmining o‘sishida asosiy hissa yakka tartibdagi turar-joylar hissasiga to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, qurilish sohasiga yo‘naltirilgan investitsiyalarning umumiy investitsiyalar hajmidagi ulushi 7,4 foizdan 10,8 foizgacha ko‘tarilgani davlat va xususiy sektorning ushbu tarmoqqa qiziqishi ortib borayotganini anglatadi. Bu esa kelgusida bozorda taklif hajmining yanada kengayishiga xizmat qilishi mumkin.
Bozorda talabning yuqori bo‘lishi uy-joy narxlarida ham o‘z aksini topdi. Birlamchi bozorda ko‘p qavatli uy-joylar narxi dollar hisobida 8,1 foiz, ikkilamchi bozorda esa 9,4 foizga oshdi. Milliy valyutada hisoblanganda ham narxlar mos ravishda 1,8 va 3 foizga ko‘tarildi. Ijara bozorida ham barqaror o‘sish saqlandi. Respublika bo‘yicha ijara narxlari dollar hisobida 9,5 foizga, Toshkent shahrida esa 6,9 foizga qimmatlashdi. Shu bilan birga, yer uchastkalari bozorida boshqacha holat kuzatilmoqda. Toshkent shahrida bir sotix yerning o‘rtacha narxi 301 million so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 6,4 foizga arzonlashdi. Bu, avvalo, shahar markazidan uzoq hududlarda yer taklifining ortishi bilan izohlanmoqda.
2026-yil 1-apreldan joriy etilgan eskrou tizimi ko‘chmas mulk bozoridagi eng muhim yangiliklardan biri bo‘ldi. Yangi mexanizmga ko‘ra, xaridorning mablag‘i maxsus bank hisobvarag‘ida saqlanadi va mulk huquqi qonuniy rasmiylashtirilgandan keyingina sotuvchiga o‘tkaziladi. Bu tartib hisob-kitoblardagi xavflarni kamaytirish, firibgarlik holatlarining oldini olish, xaridor va sotuvchi huquqlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi. Xalqaro tajriba ham eskrou tizimi uzoq muddatda qurilish bozorida moliyaviy intizom va investitsiyaviy ishonchni mustahkamlashini ko‘rsatmoqda.
Markaziy bank tahlilida qayd etilishicha, respublika bo‘ylab qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylar sonining ortishi shaharlashuv jarayonlari jadallashayotganini anglatadi. Ilgari asosan poytaxtda kuzatilgan bu jarayon bugun Samarqand, Buxoro, Xorazm, Navoiy va boshqa hududlarda ham faol tus olmoqda. Bu esa hududlarda iqtisodiy faollikning oshishi, aholi soni va uy-joyga bo‘lgan ehtiyojning ortishi bilan uzviy bog‘liq.
Xulosa o‘rnida aytish joiz, 2026-yilning birinchi choragi natijalari ko‘chmas mulk bozorida talab, taklif va investitsiyalar o‘rtasidagi muvozanat mustahkamlanayotganini ko‘rsatdi. Ipoteka dasturlari, qurilish sohasiga yo‘naltirilayotgan sarmoyalar va eskrou tizimi kabi islohotlar bozorning shaffofligi hamda barqaror rivojlanishi uchun muhim omil bo‘lmoqda. Qisqa muddatda ayrim segmentlarda narxlar o‘sishi kuzatilsa-da, uzoq muddatli istiqbolda mazkur islohotlar ko‘chmas mulk bozorining yanada ochiq, ishonchli va raqobatbardosh tizimga aylanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA