Loyiha samara berdi
Guliston tumanida davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan 7 milliard so‘mlik loyiha natijasida “Dehqonobod” xo‘jaliklararo kanali rekonstruksiya qilinib, 1 410 gektar sug‘oriladigan yer maydonining suv ta’minoti yaxshilandi. Shuningdek, 25 ta fermer xo‘jaligi va to‘rt mahalladagi 210 ta xonadon tomorqasi doimimy ravishda sug‘orildi.
Bu haqda Guliston tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan “Byudjet va mablag‘lar: ajratilgan pul qayerga va qanday sarflandi?” hamda “Ish o‘rinlari va daromad: aholi farovonligi uchun nimalar qilindi?” mavzularidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Ta’kidlanganidek, umumiy uzunligi 7 kilometr bo‘lgan “Dehqonobod” xo‘jaliklararo kanali Guliston tumanining “Uch qahramon”, “O‘zbekiston” va “Paxtaobod” hududlaridagi suv iste’molchilariga xizmat ko‘rsatadi. Kanal orqali qishloq xo‘jaligi yerlari bilan bir qatorda aholi tomorqalarini suv bilan ta’minlash ham yo‘lga qo‘yilgan.

Ma’lum qilinishicha, 1972-yilda qurilgan mazkur kanal uzoq yillar davomida kapital ta’mirlanmagani sababli beton qoplamalar yemirilib, suvning katta qismi yerga singib ketar, natijada suv yetkazib berish samaradorligi pasaygan edi. Muammoni bartaraf etish maqsadida davlat dasturi asosida kanalning 7 kilometr qismi to‘liq betonlashtirildi.

Loyihaning amalga oshirilishi natijasida har yili qariyb 800 ming kub metr suvning filtratsiya orqali yo‘qotilishiga chek qo‘yildi. Bu esa suv resurslaridan oqilona va tejamkor foydalanish, sug‘orish tizimi samaradorligini oshirish hamda qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini yanada yuksaltirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Qurilish-montaj ishlari “Suv ombor qurilish servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan belgilangan muddatlarda va sifat talablari asosida bajarildi.

Matbuot anjumanida jurnalistlarga loyihani amalga oshirish uchun ajratilgan byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi, erishilgan iqtisodiy va ijtimoiy samaralar, shuningdek, tumanda sug‘orish infratuzilmasini yanada takomillashtirish bo‘yicha istiqbolda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar xususida ham atroflicha ma’lumot berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA