O‘zbekistonda 2030-yilgacha 30 ta yangi turizm hududi rivojlantiriladi
Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish endi alohida mehmonxona yoki sayyohlik ob’ekti qurish bilan cheklanmaydi.
Turistik salohiyati yuqori hududlarni butun boshli turistik majmua sifatida rejalashtirish, infratuzilmasini yangilash va ularning yagona qiyofasini yaratishga e’tibor kuchaytirilmoqda.
Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulov Buyuk Britaniyada tashkil etilgan “Arup” muhandislik va konsalting kompaniyasining mintaqaviy direktori Ilkay Chorgandag‘ bilan uchrashib, O‘zbekistonda istiqbolli turizm hududlarini kompleks rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Suhbatda turizm sohasini barqaror rivojlantirish, yuqori turistik salohiyatga ega hududlarni kompleks o‘zlashtirish va zamonaviy turizm infratuzilmasini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ayniqsa, 2030-yilga qadar 30 ta yangi turizm hududini kompleks master-rejalar asosida rivojlantirish rejasi muhokamalarning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.
Bundan tashqari master-reja asosida hududning transport tizimi, shaharsozlik yechimlari, mehmonxona infratuzilmasi, dam olish maskanlari va boshqa zarur ob’ektlari o‘zaro uyg‘un holda rejalashtiriladi.
Mazkur vazifalarni amalga oshirish maqsadida joriy yil aprel oyida Prezidentning tegishli qarori asosida Turizm qo‘mitasi huzurida “Turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi” davlat muassasasi tashkil etilgan.
Endi ushbu yo‘nalishda xalqaro tajribadan foydalanish masalasiga ham keng yo‘l ochilmoqda.
“Arup” kompaniyasi 1946-yilda Buyuk Britaniyada tashkil etilgan bo‘lib, yirik infratuzilma, transport, shaharsozlik va turizm loyihalarini kompleks rejalashtirish va amalga oshirishda ishtirok etib keladi. Kompaniya 37 davlatda 100 dan ortiq ofisi orqali faoliyat yuritadi.
Uchrashuvda “Arup”ning O‘zbekistondagi istiqbolli turistik hududlarni rivojlantirish loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Kompaniya vakillari Toshkent shahrida o‘z vakolatxonasini ochish istagini ham bildirdi.
Bu esa hamkorlikni alohida loyihalar doirasidan chiqarib, O‘zbekistondagi turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli sheriklikka aylantirish imkonini beradi.
Uchrashuv yakunida Turizm qo‘mitasi huzuridagi “Turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi” davlat muassasasi bilan “Arup” kompaniyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolash taklifi ma’qullandi.
2030-yilga qadar rejalashtirilgan 30 ta yangi turizm hududi esa bu jarayonning eng yirik yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA