O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi ochildi
Bugun Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutida O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma ilmiy-tadqiqot laboratoriyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov, Ichki Mo‘g‘uliston avtonom hududi partiya qo‘mitasi kotibining o‘rinbosari Shi Guanxuey hamda Ichki Mo‘g‘uliston texnologiya universiteti vitse-prezidenti, professor Go Xunfey so‘zga chiqib, qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
Laboratoriya Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti hamda Xitoy Xalq Respublikasining Ichki Mo‘g‘uliston texnologiya universiteti hamkorligida “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi doirasida tashkil etildi. Uning faoliyati doirasida quyosh, shamol va vodorod energetikasi, energiyani saqlash texnologiyalari, intellektual energiya tizimlari hamda sun’iy intellekt yo‘nalishlarida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash rejalashtirilgan.

Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov ta’kidlaganidek, so‘nggi uch-to‘rt yil ichida O‘zbekistonda, ayniqsa, Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda qayta tiklanuvchi energetika sohasida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
– Ularning asosiy qismi qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oid bo‘lib, quyosh va shamol energetikasi hamda energiyani saqlash tizimlarini qamrab oladi. Sanoat sohasida ham salmoqli ishlar olib borilmoqda. Biroq ilm-fan sohasida rivojlanish biroz sust kechmoqda. Vaholanki, ilm-fan va sanoat bir-birini to‘ldirgan holda uyg‘un rivojlanishi lozim. Bugun biz eng zamonaviy quyosh va shamol elektr stansiyalari, energiyani saqlash tizimlari hamda yangi avlod podstansiyalarini barpo etyapmiz. Lekin bu sohada malakali kadrlar va ilmiy salohiyat yetarli emas. Shu bois, mazkur tashabbus biz uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Menimcha, Xitoyning ilmiy-tadqiqot institutlari, kompaniyalari hamda xalqaro tajribani birlashtirgan holda ushbu muammolarga samarali yechim topishimiz mumkin, – dedi Umid Mamadaminov.
Aytish joizki, mazkur institut va Ichki Mo‘g‘uliston texnologiya universiteti o‘rtasidagi hamkorlik o‘n yildan ziyod vaqtdan buyon izchil davom etib kelmoqda. Shu yillar mobaynida ilmiy muassasa olimlari va mutaxassislari muntazam ravishda mazkur universitetga tashrif buyurib, ta’lim dasturlari, stajirovkalar, ilmiy forumlar hamda xalqaro konferensiyalarda faol ishtirok etib kelmoqda.
Ushbu samarali hamkorlikning yana bir muhim natijasi sifatida joriy yilning 21-may kuni O‘zbekiston – Xitoy hamkorlik forumi doirasida Qo‘shma ilmiy-texnika laboratoriyasini tashkil etish to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Mazkur hujjat hamkorlikni yanada kengaytirish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish hamda o‘zaro tajriba almashish uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi.
Bugun ushbu laboratoriyaning ochilishi tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, innovatsion ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etish hamda har ikki tomon uchun muhim ilmiy va amaliy natijalarga erishishga xizmat qiladi.
Janob Shi Guanxueyning qayd etishicha, bugungi tashrifdan ko‘zlangan maqsad ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda energetika, ilm-fan va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirishdan iborat.

– Keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar izchil rivojlanib, hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, 2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanib, mazkur sohadagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Shuningdek, Pekin tashabbusi hamda “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusini yuqori sifat darajasida amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar rejasi qabul qilinib, ilmiy-innovatsion hamkorlik ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi.
Mazkur kelishuv va tashabbuslar energetika, ilm-fan va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Bugun O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma ilmiy-tadqiqot laboratoriyasining ochilishi esa tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va innovatsion ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etishga xizmat qiladi, – dedi Shi Guanxuey.
Tadbir yakunida ishtirokchilar institut faoliyati bilan tanishib, sohadagi ilmiy-texnik ishlanmalar hamda zamonaviy tadqiqot infratuzilmasini ko‘zdan kechirdi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA