O‘zbekiston – Xitoy: ekologik ta’lim va “yashil” kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik kengaymoqda
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari I. Qutbiddinov boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib, ekologik ta’limni rivojlantirish, “yashil” texnikumlar uchun zamonaviy o‘quv dasturlarini ishlab chiqish hamda ekologik yo‘nalishlarda malakali kadrlar tayyorlash masalalari bo‘yicha qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston va Xitoyning ta’lim, ilmiy-tadqiqot va ekologik tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishildi.
Xususan, “Green University” hamda “Beijing Vocational Agricultural College” o‘rtasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ma’ruzalar tashkil etish, shuningdek, o‘quv-uslubiy materiallar almashinuvini nazarda tutuvchi memorandum imzolandi.
Shuningdek, “Green University” va “Hainan Satellite Data and Application Research Center (HSDARC)” o‘rtasida ekologik monitoringda sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari hamda masofadan zondlash texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjat doirasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ekspertlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish va soha mutaxassislarini tayyorlash belgilab olindi.
“Energy and Environmental Development Research Center (EED)” va “Green University” o‘rtasida ham hamkorlik memorandumi imzolandi. Uchrashuvlarda, shuningdek, “Green University” huzurida zamonaviy laboratoriya tashkil etish ishlarini jadallashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tashrifning muhim yo‘nalishlaridan biri O‘zbekistonda tashkil etilayotgan 14 ta “yashil” texnikum uchun zamonaviy ta’lim dasturlarini ishlab chiqish masalasi bo‘ldi. Bu borada Ichki Mo‘g‘ulistondagi ta’lim muassasalari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazilib, uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xalqaro mutaxassislarni ta’lim jarayoniga jalb etish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya a’zolari “Hohhot Vocational and Technical University” hamda “M-Grass Ecology and Environment (Group)” faoliyati bilan tanishib, kasbiy ta’limni tashkil etish, malakali kadrlar tayyorlash, ekologik tiklash va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha Xitoy tajribasini o‘rgandi.
Tashrif davomida BRIGC prezidenti, Xitoy Xalq Respublikasi atrof-muhitni muhofaza qilish vazirining sobiq o‘rinbosari janob Chjao Inmin bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Muloqotda “yashil” infratuzilmani rivojlantirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, Orolbo‘yi hududini tiklash, cho‘llanishning oldini olish, suv resurslarini boshqarish hamda raqamli ekologik monitoring sohalarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Umuman, tashrif doirasida erishilgan kelishuvlar ekologik ta’lim va kasbiy tayyorgarlik tizimini takomillashtirish, ilmiy hamkorlikni kuchaytirish, zamonaviy ekologik texnologiyalarni joriy etish hamda soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur tashrif O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ekologik ta’lim, ilm-fan, kasbiy tayyorgarlik va zamonaviy “yashil” texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA