Toshkentda ko‘chmas mulkni ommaviy baholash natijalari ma’lum qilindi
Toshkentda qariyb 600 mingta kvartira ommaviy baholash asosida 426,7 trillion so‘mga baholandi. Hovli-joylar bo‘yicha bu ko‘rsatkich 587 trillion so‘mni tashkil etdi. Ammo bu raqamlar hali yakuniy emas.
Kadastr agentligining Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi mutasaddilari ishtirokida “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimining mazmun-mohiyati, uning joriy etilishidan ko‘zlangan maqsadlar, Toshkent shahrida o‘tkazilgan baholash natijalari hamda mulkdorlarning mazkur jarayondagi ishtiroki” mavzusidagi matbuot anjumanida sohaga tegishli yangiliklar, ma’lumotlar taqdim etildi.
Bugungi kunda bir xil maydonga ega bo‘lgan ikki xonadonning narxi nima uchun keskin farq qiladi? Masalan, biri shahar markazida, metro va ijtimoiy infratuzilmaga yaqin, ikkinchisi esa shahar chekkasida joylashgan bo‘lishi mumkin. Amaldagi kadastr qiymatida bu farq to‘liq aks etmasligi ehtimol. Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimi aynan shu kabi tafovutlarni aniqlash va mulkning bozor qiymatiga yaqin qiymatini zamonaviy usullar asosida belgilashga qaratilgan.
Xo‘sh, ommaviy baholash nima uchun kerak va bu jarayon mulk egalari uchun nimani anglatadi?
Avvalo, bir jihatni aniqlashtirish muhim: ommaviy baholash har bir uy yoki binoni alohida baholovchi kelib ko‘rib, “bu uy shuncha pul turadi”, deb narx belgilashi degani emas. Bu — minglab va yuz minglab ko‘chmas mulk ob’ektlari bo‘yicha katta hajmdagi bozor ma’lumotlarini tahlil qilish, yagona metodologiya va matematik-statistik usullar asosida ob’ektning bozor qiymatiga yaqin qiymatini hisoblash tizimi.
Aslida nega bunday tizimga ehtiyoj tug‘ildi?
Muammo shundaki, ko‘chmas mulkning amaldagi kadastr qiymati bilan uning bozordagi real qiymati o‘rtasida sezilarli farq mavjud. Chunki uy-joyning bozordagi narxiga faqat uning maydoni emas, balki joylashuvi, transport va ijtimoiy infratuzilmaga yaqinligi, hududning rivojlanganlik darajasi, qurilgan yili, qavati, devor materiali, yer maydoni va boshqa ko‘plab omillar ta’sir qiladi. Ommaviy baholashda esa ana shu omillar kompleks ravishda hisobga olinadi.
Bir xil maydon, ammo qariyb uch baravar farq. Toshkentda o‘tkazilgan tajriba buni yaqqol ko‘rsatdi. Masalan, “Mirabad Avenue” turar joy majmuasida 2023-yilda qurilgan, maydoni 45 kvadrat metr bo‘lgan kvartiraning amaldagi kadastr qiymati 88,9 million so‘mni tashkil etadi. Yangihayot tumanida, Sergeli metro bekati atrofida joylashgan, 2022-yilda qurilgan va maydoni xuddi shu — 45 kvadrat metr bo‘lgan kvartira kadastr qiymati esa 81,6 million so‘m.
Kadastr qiymatidagi farq bor-yo‘g‘i 8 foiz. Ammo bozor qiymatiga kelganda manzara butunlay o‘zgaradi. Soha vakillarining so‘zlariga ko‘ra, “Mirabad Avenue”dagi kvartira bozorda taxminan 1,5 milliard so‘m, Yangihayotdagi kvartira esa 508 million so‘m atrofida baholanadi. Ya’ni kadastr qiymatida deyarli farq qilmaydigan ikki ob’ektning bozor qiymati o‘rtasida qariyb uch baravar tafovut bor. Bu esa ko‘chmas mulk qiymatini belgilashda uning maydonidan tashqari, joylashuvi va atrofidagi infratuzilma ham nihoyatda muhim ekanini ko‘rsatadi.
Ommaviy baholash jarayonida qariyb 100 mingta bozor ma’lumoti, takliflar va riyeltorlik bitimlari, shuningdek, 85 mingdan ortiq notarial oldi-sotdi bitimi o‘rganildi. Natijalar esa ancha katta tafovutni ko‘rsatdi. Toshkent shahrida qariyb 600 mingta kvartiraning ommaviy baholash asosida aniqlangan umumiy qiymati 426,7 trillion so‘mni tashkil etdi. Ularning amaldagi kadastr qiymati esa 57,7 trillion so‘m bo‘lgan. Demak, ikki ko‘rsatkich o‘rtasidagi tafovut qariyb 7,4 baravar. Hovli-joylar bo‘yicha ham raqamlar salmoqli. Ommaviy baholashda ularning umumiy qiymati 587 trillion so‘m, amaldagi kadastr qiymati esa 39 trillion so‘m deb aniqlangan. Bu yerdagi farq qariyb 15 baravarni tashkil etgan. Biroq bu raqamlarni “endi uylarning qiymati shu” deb qabul qilishga hali erta.
2026-yil 5-sentabrdan boshlab Toshkent shahridagi baholash natijalari 60 kun davomida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Bu jarayonda mulkdorning o‘zi ham faol ishtirok etishi mumkin. Xususan, mulkdorlar davreestr.uz elektron platformasi orqali o‘z ob’ekti bo‘yicha baholash natijasi bilan tanishishi, qiymat qanday shakllanganini ko‘rishi va zarur hollarda asoslantirilgan taklif yoki e’tirozlarini bildirishi mumkin. Shuningdek, mulkdorga o‘z ob’ektining bozor qiymatiga yaqin qiymatini aks ettiruvchi QR-kodli elektron ma’lumotnoma olish imkoniyati yaratiladi. Kelib tushgan murojaat va asoslantirilgan takliflar belgilangan tartibda o‘rganiladi. Zarur hollarda baholash natijalariga o‘zgartirishlar kiritiladi. Shuning uchun bugun e’lon qilinayotgan raqamlar — yakuniy qaror emas, balki jamoatchilik muhokamasidagi natijalar xolos.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA