O‘zbekiston vakillari narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha Janubiy Koreyada malaka oshirmoqda
O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari va tegishli tashkilot idoralari xodimlari, shu jumladan, Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi vakillari Janubiy Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan tashkil etilgan "Capacity Building on National Drug Control" maxsus o‘quv dasturida ishtirok etmoqda.
2026-yil 24 oktabrga qadar davom etadigan mazkur loyiha Koreya kriminologiya va adliya instituti hamda KOICA ko‘magida tashkil etildi.
Mazkur o‘quv dasturi O‘zbekiston uchun to‘rtta asosiy strategik imkoniyatni taqdim etadi. Jumladan, raqamli nazorat va sun’iy intellekt: Janubiy Koreyaning kiberxavfsizlik va Big Data (katta ma’lumotlar) texnologiyalari asosida narkotrafik hamda sintetik narkotiklarni aniqlashning raqamli tizimlari milliy amaliyotimizga joriy etiladi.
Grantlar va texnik ko‘mak: dastur doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan ishlab chiqiladigan maxsus Harakatlar rejasi asosida yurtimizdagi kriminalistik laboratoriya va narkologik markazlarni modernizatsiya qilish uchun KOICA grantlarini jalb qilish imkoniyati yaratiladi.

Innovatsion profilaktika va davolash: yoshlar o‘rtasida giyohvandlikka qarshi ijtimoiy immunitetni shakllantirishning zamonaviy media-modellari hamda bemorlarni tibbiy-ruhiy sog‘lomlashtirish bo‘yicha Koreya tajribasi tatbiq qilinadi.
Xalqaro tezkor hamkorlik: O‘zbekistonlik amaldorlar transmilliy narkojinoyatlarga qarshi real vaqt rejimida tezkor ma’lumot almashish uchun xalqaro ekspertlar va Interpol kabi tuzilmalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa tarmog‘ini yo‘lga qo‘yadilar.
Ushbu o‘quv dasturi davlat organlariga giyohvandlik moddalari ustidan nazoratni xalqaro andozalar darajasiga olib chiqish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va milliy tizimni modernizatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan "inson kapitali" va tayyor yechimlarni beradi.
N.Abduraimova, O‘zA