O‘zbekiston va Yaponiya: Hamkorlikning yangi bosqichi
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov 22-23-iyun kunlari Yaponiyaga amalga oshirgan tashrifi davomida ikki davlat energetika, logistika va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalar ilgari surildi.
Shu tariqa ikki davlat iqtisodiy aloqani sezilarli darajada faollashtirdi. Tashrifning markaziy voqeasi – Laziz Qudratov hamda Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Ryusey Akajava o‘rtasida kechgan muzokarada hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, kun chiqar yurt xalqaro hamkorlik agentligi – JICA, “Keydanren” biznes federatsiyasi hamda “Yaponiya – O‘zbekiston Ipak yo‘li” jamg‘armasi rahbariyati bilan muloqot chog‘ida istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish, ijtimoiy dasturlarni hayotga tatbiq etish masalasi atroflicha muhokama qilindi.
Yetakchi mahalliy kompaniyalar mas’ullari bilan muzokaralar ham samarali kechdi. Muloqotlar yakunida energetika, logistika, sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat sanoati, biotexnologiya hamda bank-moliya sohalarida yirik qo‘shma loyihalar bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA