O‘zbekiston va Xitoy turizm sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik tobora faollashib bormoqda. Ayniqsa, investitsiyalar, zamonaviy mehmonxona infratuzilmasi va xalqaro brendlarni jalb qilish borasidagi muzokaralar ikki davlat munosabatlarida yangi imkoniyatlarni ochmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov “Templewater” kompaniyasi rahbari Kliff Jang bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida turizm, energetika, joylashtirish vositalari va sun’iy intellekt sohalarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalari muhokama qilindi.

Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri Xitoyning dunyoga mashhur mehmonxona brendlari — “Rosewood Hotels & Resorts” va “Shangri-La Hotels and Resorts” tarmoqlarini O‘zbekiston bozoriga olib kirish masalasi bo‘ldi. Bu kabi yirik brendlarning mamlakatga kirib kelishi nafaqat turizm xizmatlari sifatini oshiradi, balki O‘zbekistonning xalqaro turistik imijini ham mustahkamlaydi.
Tomonlar, shuningdek, tog‘li hududlarda turizmni rivojlantirish bo‘yicha Gongkong tajribasini joriy etish, zamonaviy master-rejalar ishlab chiqish va infratuzilma loyihalariga xorijiy sarmoyadorlarni jalb qilish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdi.

Uchrashuv doirasida Samarqand viloyatidagi “Imom Al-Buxoriy” majmuasi atrofida barpo etilayotgan mehmonxona va oilaviy mehmon uylari loyihasi taqdimoti ham o‘tkazildi. Mazkur loyiha ziyorat turizmini rivojlantirish va sayyohlar uchun qulay sharoit yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muzokaralar yakunida ikki tomon O‘zbekiston turizm salohiyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, yirik mehmonxona tarmoqlarini jalb etish va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanini bildirdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA