O‘zbekiston va Xitoy: transport-logistika sohasida hamkorlik kengaymoqda
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida transport-logistika sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, zamonaviy logistika infratuzilmasini rivojlantirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ vakillari Transport vazirligi boshchiligidagi delegatsiya tarkibida Xitoyning Urumchi shahrida xizmat safarida bo‘ldi.
Tashrif davomida delegatsiya transport-logistika infratuzilmasi ob’ektlari, sohada joriy etilgan zamonaviy texnologiyalar hamda Urumchi erkin savdo zonasi imkoniyatlari bilan tanishdi.
Shuningdek, Xitoyning yirik logistika kompaniyalaridan biri “Xinjiang Commercial Logistics” vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralarda logistika markazida yuklarni konsolidatsiya qilish, istiqbolli qo‘shma investitsiya va logistika loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda elektron tijoratni rivojlantirishga xizmat qiladigan zamonaviy ombor infratuzilmasini tashkil etish, shuningdek, Xitoy mahsulotlarini “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ logistika markazlarida vaqtincha saqlash va realizatsiya qilish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar transport-logistika sohasida hamkorlikni rivojlantirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muloqotlarni davom ettirishga tayyor ekanini bildirgan.
N.Ziyodullayeva, O‘zA