O‘zbekiston va Rossiya hududlari hamkorligi yangi kelishuvlar bilan mustahkamlandi
Farg‘ona shahrida O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining III yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Rossiyaning 17 ta hududi rahbarlari va vakillari, O‘zbekistonning barcha hududlari mas’ullari, shuningdek, ikki mamlakatdan 400 ga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning qutlov so‘zlari o‘qib eshittirildi. O‘zbekiston tomonidan qutlovni Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, Rossiya tomonidan esa Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov yetkazdi.

Majlis davomida hududlararo to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, savdo hajmini oshirish, investitsiyalarni jalb etish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga doir masalalar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvning amaliy natijasi sifatida 4 ta bitim imzolandi. Hujjatlar Farg‘ona va Omsk viloyatlari, Surxondaryo viloyati va Krasnoyarsk o‘lkasi, Namangan viloyati va Dog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni qamrab oldi.

Shuningdek, O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Wildberries kompaniyasi o‘rtasida «A» toifasidagi logistika majmuasini qurish bo‘yicha investitsiya bitimi imzolandi.
Ta’kidlanishicha, hududlar o‘rtasidagi bevosita aloqalarni yanada kengaytirish ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini shakllantirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi Rossiyaning Omsk shahrida o‘tkaziladi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA