Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash – hosildorlik garovi
Jizzax viloyatida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, ularning unumdorligini saqlash va suv resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Ayni kunlarda Sirdaryo-Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Meliorativ ekspeditsiya mutaxassislari Mirzacho‘l, Do‘stlik va Zafarobod tumanlaridagi kuzatuv quduqlarini ta’mirlash va tiklash ishlarini olib bormoqda. Jumladan, quduqlarga himoya halqalarini o‘rnatish orqali ularning texnik holatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Belgilangan rejaga ko‘ra, viloyat hududida jami 198 ta kuzatuv qudug‘ini ta’mirlash va qayta tiklash ko‘zda tutilgan. Bu quduqlar orqali sug‘oriladigan yerlardagi sizot suvlari sathi muntazam nazorat qilib boriladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kuzatuv quduqlarining soz holatda bo‘lishi yer osti suvlaridagi o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlash, maydonlarning meliorativ holatini baholash va zarur choralarni belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur ishlar natijasida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini barqaror saqlash, qishloq xo‘jaligi maydonlaridan samarali foydalanish va yuqori hosil olish uchun zarur sharoit yaratiladi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri