O‘zbekiston va Qozog‘iston toza havo yo‘lida kuchlarni birlashtirmoqda
Markaziy Osiyoda ekologik xavfsizlikni ta’minlash va atmosfera havosi sifatini yaxshilash masalalari mintaqaviy hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Bu borada O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqib, ikki davlat havo ifloslanishining transchegaraviy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha qo‘shma amaliy choralarni belgilab oldi.
Toshkent shahridagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University)da Qozog‘iston Respublikasi delegatsiyasi ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda atmosfera havosini muhofaza qilish, monitoring tizimlarini takomillashtirish hamda transchegaraviy ifloslanishni kamaytirishga qaratilgan hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Iqlim o‘zgarishi milliy markazi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi hamda boshqa sohaviy tashkilotlar vakillari qatnashdi. Qozog‘iston tomonidan esa Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi, “Qazgidromet” davlat korxonasi, Milliy gidrometeorologiya xizmati ilmiy markazi hamda Turkiston viloyati mutasaddilari ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida ikki mamlakat mutaxassislari havo sifati monitoringi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, atmosfera sirkulyatsiyasi jarayonlari, PM10 va PM2.5-mayda dispers zarrachalariga oid tadqiqot natijalari bilan o‘zaro o‘rtoqlashdi. Mutaxassislar atmosfera havosi davlat chegaralarini tan olmasligi, shu bois chegaraoldi hududlardagi ekologik holatni yaxshilash faqat muvofiqlashtirilgan ilmiy yondashuv orqali samara berishi mumkinligini ta’kidladi.
O‘zbekiston tomoni taqdim etgan ilmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yirik shaharlarda atmosfera havosi ifloslanishining asosiy qismi antropogen manbalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, atmosfera sirkulyatsiyasi va havo massalarining ko‘chishi ham ifloslantiruvchi moddalar tarqalishida muhim omil hisoblanadi. Avtomatik monitoring stansiyalari ma’lumotlari asosida PM2.5 va PM10 zarrachalari konsentratsiyasining hududiy taqsimotiga oid tahlillar ham taqdim etildi.
Uchrashuvning muhim natijalaridan biri sifatida ikki mamlakat olimlari ishtirokida qo‘shma ishchi guruh tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur guruh transchegaraviy atmosfera ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish, ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish hamda havo sifati bo‘yicha ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bilan shug‘ullanadi.
Tashrif davomida Qozog‘iston delegatsiyasi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan “Toza havo” loyihasi doirasidagi ishlar bilan ham tanishdi. Jumladan, Toshkent viloyatidagi issiqxonalarni demontaj qilish va ularni Surxondaryo viloyatiga ko‘chirish jarayonlari, shuningdek, Toshkent IESda joriy etilgan zamonaviy gaz tozalash va chiqindilarni filtrlash tizimlari ko‘zdan kechirildi. Shu bilan birga, avtotransport vositalariga ekologik stikerlar berish mexanizmi ham havo ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan samarali yechim sifatida taqdim etildi.
Mutaxassislar fikricha, bu kabi hamkorlik nafaqat ikki davlat o‘rtasida ekologik ma’lumotlar almashinuvini kuchaytiradi, balki Markaziy Osiyoda barqaror ekologik xavfsizlikni ta’minlash, aholi salomatligini muhofaza qilish va havo sifati monitoringini zamonaviy bosqichga olib chiqishga ham xizmat qiladi. Uchrashuv yakunida tomonlar atmosfera havosining transchegaraviy ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan qo‘shma amaliy tadbirlarni muntazam davom ettirishga kelishdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA